Quyi palata majlisida shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
— Loyiha bilan shaxsni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish majburiy shartligi, shaxsni tasvirga olish va undan foydalanishda bolalar huquqning mustaqil sub’ekti ekani belgilab qo‘yilmoqda, — dedi deputat J.Abdullayev. — Shunga ko‘ra tasvirga olish va undan ruxsatsiz foydalanish mumkin bo‘lgan hollar doirasi hamda videokuzatuvni amalga oshirishda shaxsiy daxlsizlikni ta’minlashga oid talablar belgilanyapti.

Tasvirga olishda va undan foydalanishda 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilishi ko‘zda tutilmoqda. Jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan taqdirda bu haqda barchaga ko‘rinadigan joyda va shaklda ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shartligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, videokuzatuv kameralarini o‘rnatish mumkin bo‘lmagan joylar doirasi, xususan, kiyinish xonalarida, hojatxonalarda videokuzatuv tizimlari o‘rnatilishi mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Deputatlar muhokamalar davomida qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni, shuningdek, takliflarini bildirdilar. Ayrim normalar qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Savol-javob va munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.10.2025
- Ko'rishlar: 91
- Chop etish