Volontyorlik – insonparvarlikning eng oliy ko‘rinishi

Hozirgi kunda volontyorlik harakati jamiyat taraqqiyoti, insonparvarlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Volontyorlik bu shaxsning o‘z ixtiyori, moddiy manfaat kutmagan holda jamiyatga foyda keltirishiga qaratilgan faoliyat bo‘lib, insonning ezgu niyatlarini amalda ko‘rsatish imkonini beradi. Aslida, ko‘ngilli mehnat O‘zbekiston jamiyatida qadimdan mavjud bo‘lgan, deb ayta olamiz. Chunki, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ o‘rtasida hashar orqali jamoaviy yordamlar ko‘rsatilgan. Volontyorlikni ushbu harakatning kengaygan va rivojlangan ko‘rinishi deyishimiz mumkin.

Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida volontyorlik tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan boshqariladi. Shveysariyada asos solingan Xalqaro Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyati halokat qurbonlariga yordam berish, birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilish, xalqaro inson huquqi bo‘yicha bilimlarni tarqatish, qurolli to‘nashuvlar davrida esa harbiy tibbiyot xizmatchilariga ko‘maklashish vazifalarini bajaradi.

Germaniyada volontyorlik Vürgerschaftliches Engagement – fuqarolar faolligi tushunchasi bilan izohlanadi. Bu jamiyatning barcha sohalarini qamrab oladigan loyiha bo‘lib, jamoat tashkilotlarida ishtirok etish, ijtimoiy loyihalar tashabbuskori bo‘lish, mahalliy va davlat miqyosida ijtimoiy xizmatlarni qo‘llab-quvvatlash kabi faoliyatlarni o‘z ichiga oladi. 

Anket-Komissiya ko‘ngillilar xizmatini formal majburiyat turi sifatida e’tirof etib, uni uzoq vaqt davom etuvchi faoliyat shakli deb tan olgan. Anket-Komissiyaning Bundestagdagi faoliyati yakunlangandan so‘ng “Fuqarolar faolligi” quyi qo‘mitasini tuzishga qaror qilindi. 2002 yildan boshlab ushbu qo‘mita siyosat, jamoat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, qolaversa oddiy fuqarolar uchun muzokaralar olib borish markaziga aylandi. Keyinchalik federal o‘lka ijtimoiy masalalar bo‘yicha vazirliklari qoshida maxsus muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar ish boshladi.

Fransiyadagi Economie Sociale modeli davlat xizmatining ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi tarkibiy qismi hisoblanadi. Ko‘ngillilar faoliyatida ixtiyoriy ravishdagi volontyorlik, nodavlat sektori va jamoat tashkilotlaridagi fuqarolar faolligi elementlarini ko‘rish mumkin.

Buyuk Britaniyada “National Trust UK” nodavlat tashkilotining 5,2 million rasmiy a’zosi bo‘lib, unda 100 mingdan ziyod ko‘ngillilar faoliyat olib boradi. Ushbu tashkilot tarixiy obidalarni, bog‘larni saqlash, restavratsiya qilish, arxeologiya ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, tabiiy ko‘llar, o‘rmonlar, dengiz qirg‘oqlari sofligini saqlashga qaratilgan aksiyalarni tashkillashtiradi.

O‘zbekistonda ham volontyorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Yoshlar, jamoatchilik tashkilotlari va nodavlat sektorlarda ko‘ngillilik faoliyatining ommalashishi natijasida turli yo‘nalishlarda volontyor jamoalar shakllanmoqda.

O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi eng muhim tashkilotlardan biri bo‘lib, volontyorlik faoliyatini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash vazifasini bajaradi. Assotsiatsiya ijtimoiy-yaxshilik, insonparvarlik, hamjihatlik va faol fuqarolik tamoyillariga asoslangan holda faoliyat olib borishni maqsad qilgan. Uning ro‘yxatga olinishi va faoliyati yoshlarni volontyorlikka jalb etishda, shuningdek, volontyorlik guruhlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida “ijtimoiy sheriklik” tizimini barpo etishga yordam beradi.

Volontyor.uz” singari onlayn platformalar volontyorlarni ro‘yxatga olish, loyihalarni e’lon qilish va ishni tashkil qilishda muhim vosita bo‘la oladi.

Volontyorlik faoliyati nafaqat yirik tashkilotlar, balki individual yoki kichik jamoalardan ham tashkil topgan bo‘lishi mumkin. Misol uchun, ijtimoiy himoya loyihalari orqali kam ta’minlangan oilalarga yordam berish, uy-joylarini ta’mirlash va oziq-ovqat yetkazib berish mumkin.

Ushbu faoliyatda ekologik tashabbuslar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hududlarni obodonlashtirish, daraxt ekish va chiqindilarni tozalash, saralash orqali katta-kichik hududlarda vaziyat yaxshilanmoqda.

2020 yilda ro‘y bergan Sardoba fojeasi O‘zbekistonda volontyorlikning qanchalik muhimligini yaqqol namoyish etdi. Falokat sodir bo‘lgan ilk kunlardanoq yuzlab, keyinchalik esa minglab volontyorlar, zararlangan hududlardagi aholiga oziq-ovqat, kiyim-kechak va gigiyena vositalari yetkazib berish, vayron bo‘lgan joylarni qayta tiklash jarayonlarida qatnashish kabi ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. 

Ijtimoiy tarmoqlar orqali yig‘ilgan yordam karvonlari, ko‘ngillilarning shaxsiy transporti bilan yetkazilgan mahsulotlar, yoshlar tomonidan tashkil etilgan turli xil xayriya aksiyalari bu fojeaning oqibatlarini yaxshilashga katta hissa qo‘shdi. Sardoba voqeasi volontyorlikning insonparvarlikdagi haqiqiy kuchini, xalqimizning birdamligi va mehribonligini yana bir bor namoyon etdi. 

Bugungi kunda volontyorlik harakati asosan yoshlar tashabbusi bilan yanada kengaymoqda. Yosh volontyorlar o‘z tengdoshlarini jalb etish, kichik guruhlarni yirik jamoalarga aylantirish, raqamli platformalar orqali keng ommani harakatga chorlash orqali volontyorlik harakatining ommalashuviga katta hissa qo‘shmoqda. Natijada, dastlab 10 kishidan iborat jamoa qisqa vaqt ichida 100-200 kishilik katta guruhga aylanishi mumkin.

Volontyorlik – jamiyatning ruhiy va ma’naviy poydevorini mustahkamlovchi kuch. Xalqaro tajribada ham, O‘zbekistondagi amaliyotda ham u insoniylikning eng oliy ko‘rinishlaridan biri sanaladi. Ushbu beminnat ko‘rsatilgan yordam necha-necha hududlarning obodonlashuviga, kishilar hayotini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Volontyorlik xoh katta ishlar orqali bo‘lsin, xoh kichik ishlar - bari insoniylikning oliy ko‘rinishi hisoblanadi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA

Powered by GSpeech