Yurtimizda yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv yili boshida kuzatiladigan barcha jarayon, jumladan, to‘lov-shartnoma masalalari doimgidek dolzarb. Chunki talabalikka tavsiya etilganlarning salmoqli qismi to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.
Yoshlarning aksariyatida o‘qishga ishtiyoq, rag‘bat kuchli bo‘lsa-da, xayolining bir burchida kontrakt pulini to‘lash muammosi turadi. Shartnoma asosida tahsil olish uchun hamma oilada moddiy imkoniyat yetarli bo‘lmasligi tabiiy hol. Yurtimizda bu masalaga ham allaqachon yechim topilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2015/2016 o‘quv yilida yurtimizda oliy o‘quv yurtlari soni bor-yo‘g‘i 69 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024/2025 o‘quv yili boshida (filiallarni ham hisobga olgan holda) O‘zbekistonda 222 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, taqqoslash sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda.

Shu tariqa, so‘nggi o‘n yil ichida oliy ta’lim muassasalari soni 153 taga ko‘paydi. Yildan-yilga yoshlar uchun to‘lov-shartnoma asosida tahsil olish imkoniyati ham kengaymoqda. Ammo hammaning ham to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga imkoniyati yetmaydi. Xo‘sh, shartnoma asosida o‘qishga kirgan talabalar uchun qulay yechim bo‘lgan ta’lim krediti qay tartibda berilmoqda?
Xotin-qizlarga foizsiz ta’lim krediti qay tartibda beriladi?
Bugungi kunda tijorat banklari taqdim etayotgan bu imkoniyat O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.
O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga mandat 15 avgust kuni e’lon qilinadi. Ular olgan balliga qarab 5 tagacha yo‘nalish tanlashi mumkin. Bu esa o‘qishga kirish ehtimolini oshiradi. Shunga qaramay, ayrim talabalar va ularning ota-onalari kontrakt to‘lash haqida o‘ylab, vahimaga tushishi mumkin. Ammo xavotirlanishning hojati yo‘q. Imtiyozli ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyati bor.
Oldinlari ta’lim krediti olish uchun tijorat banklari talab qiladigan qog‘ozbozlik, uzoq kutish, kredit foizi yuqoriligi, qisqa muddatda qaytarish kabi shartlar bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi. Yoshlarning ta’lim olishiga yanada keng imkoniyat yaratish, oliy ma’lumot olayotgan fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan me’yoriy hujjatlar bilan joriy etilgan tartib ana shu muammolarga munosib yechim bo‘ldi.
Kimlarga beriladi?
Talaba kirgan universitet davlat, nodavlat yoki xorijiymi farqi yo‘q, O‘zbekistonda bo‘lsa bo‘lgani. Biroq, o‘tgan o‘quv yilidan boshlab faqat kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan bo‘lishi kerak. Superkontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga ham imtiyozli ta’lim krediti ajratilmaydi. Kredit oluvchining daromadga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida shartnoma imzolashi mumkin.
Ta’lim krediti aslida 14 foizlik stavkada beriladi. Ammo bu foiz qismini xotin-qizlar to‘lamaydi, davlat to‘lab beradi. Aniqrog‘i, Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan mazkur mablag‘ qoplanadi. Xotin-qizlar faqat ta’lim kreditining asosiy qismini to‘laydi xolos.
To‘lash qachondan boshlanadi?
Imtiyozli ta’lim krediti rasmiy o‘qish tugagandan keyin 7-oydan boshlab 7 yil muddatga ajratiladi. Masalan, talaba 1-kurs bo‘lsa, 11 yilu 7 oy ichida kreditni to‘lashi mumkin. Kredit miqdori talaba va ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan beriladi. Foiz stavkasi — 13,5-14 foiz, Markaziy bank asosiy stavkasi pasaysa, imtiyozli ta’lim krediti foizi ham pasayadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ta’lim krediti olish uchun arizachining shaxsini tasdiqlovchi xujjati, kredit qaytarilish ta’minoti (garov, kafil va sug‘urta) universitet bilan tuzilgan shartnoma kabi xujjatlar talab etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.
Yana bir ma’lumot, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’lim krediti olish uchun arizalarni “Ta’lim krediti” axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) va my.gov.uz orqali topshirish mumkin bo‘ldi. Bundan tashqari, ikkinchi kursdan yuqori talabalarning baholari past bo‘lgan (o‘rtacha “3”dan past) taqdirda ta’lim krediti ko‘pi bilan to‘lov shartnomaning 80 foizi miqdorida ajratiladi. Bunda kredit to‘lov-kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan to‘langandan keyin ajratiladi.
«3» va undan yuqori bo‘lgan taqdirda va (yoki) «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalarning ta’lim olayotgan a’zolari uchun ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
E’tiborlisi, Ta’lim krediti qizlar va ayollar uchun foizsiz ajratiladi. Davlat oliy ta’lim muassasalariga magistraturaga kirgan ayollarning kontrakti to‘liq davlat tomonidan qoplanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2024-2025 yilda 181 ming 500 nafardan ortiq xotin-qizning o‘qishi uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari, yetim qolgan yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 2 mingdan ziyod talaba uchun 14 milliard 500 million so‘m kontrakt puli mahalliy byudjetlar hisobidan qoplab berildi. So‘nggi yillarda davlat oliygohlarining magistratura bo‘limida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullari byudjetdan to‘lanmoqda. Eng muhimi, qizlarimiz o‘rtasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olgan yoshlarning 47 foizi, ya’ni qariyb yarmini qizlar tashkil etgan.
– Yoshligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Mashhura Bozorboyeva. – Yillar davomida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun hujjatlarimni topshirdim. Oilada 5 nafar farzandmiz. Mendan oldingi ikki akam va bitta opam ham oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiydi. Oilada meni o‘qitishga moddiy imkoniyat yetmasdi. Ota-onam shartnoma pulini to‘lay olmasligidan juda siqildi. Shunda xotin-qizlar ta’limi uchun foizsiz kredit ajratilayotgani to‘g‘risidagi xabarni eshitib, qalbimda umid uyg‘ondi. Yaqin tijorat bankiga murojaat qildim. Bank xodimlari imtiyozlar haqida ma’lumot berdi, nihoyatda xursand bo‘ldim. Bank o‘qishim uchun 12 million so‘m ajratdi. Nihoyat, Kimyo xalqaro universiteti boshlang‘ich ta’lim fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik baxtiga va o‘zim sevgan sohada ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Muhimi, xotin-qizlarning ilmli bo‘lishiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib o‘z mevasini beradi. Sababi, bugun oddiy talaba qiz ertaga sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish bilan birga, iqtidorli, salohiyatli farzandlarni tarbiyalaydigan ona hamdir.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA
- Qo'shildi: 21.08.2025
- Ko'rishlar: 74
- Chop etish