Yaponiya hukumatini ilk bor ayol kishi boshqarishi mumkin (+video)

Yaponiyada hukmron Liberal-demokratik partiya yangi yetakchi sifatida Sanae Takaitini sayladi. Shu tariqa unda mamlakat tarixidagi ilk ayol bosh vazir bo‘lish imkoni paydo bo‘ldi. Parlament nomzodini ma’qullasa, 64 yoshli Takaiti rasman hukumat boshlig‘i lavozimini egallaydi.

LDP rahbarligi uchun besh nomzod kurashdi – ikki amaldagi, uch nafar sobiq vazirlar. Iyul oyida o‘tkazilgan parlament saylovida hukmron koalitsiya har ikki palatada ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotgach, Bosh vazir Sigeru Isiba iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. U o‘z nutqida xalqdan kechirim so‘ragan va hukumat xalq ishonchini qayta qozona olmaganini tan olgan.

Agar Sanae xonim tayinlansa, kun chiqar yurtda keyingi besh yil ichida to‘rtinchi marta Bosh vazir almashadi.

Tajribali siyosatchi Sanae Takaiti ilk bor 1993 yil parlament a’zosi etib saylangan. Turli davrlarda ichki ishlar, iqtisodiy xavfsizlik, ta’lim kabi muhim sohalarda vazir lavozimini egallagan.

Qattiqqo‘lligi va qat’iy konservativ qarashi bilan tanilgan bu ayol Yaponiyaning tinchlikparvar konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish va armiyani kuchaytirish tashabbusini ilgari surmoqchi. Bir jinsli nikohga va ayol kishi imperator taxtiga o‘tirishiga qarshi. Iqtisodiy yo‘nalishda u soliqni kamaytirish, mintaqaviy subsidiya ajratish va strategik soha hisoblangan energetikani hamda yarim o‘tkazgich ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash tarafdori.

K.Bekjonov, O‘zA

Powered by GSpeech