Yaponiya O‘zbekistonning ishonchli hamkori va do‘sti-bo‘lib qolmoqda

O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifim 2025-yilning 26-27-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi, bu mening Yaponiya tashqi ishlar vaziri sifatida yurtingizda so‘nggi uch yildagi birinchi tashrifim.

Yurtingizga tashrif buyurish bo‘yicha bir necha yillik orzuim amalga oshganidan chin dildan xursandman.

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ayirboshlash tarixi ming yildan ko‘p davrga borib taqaladi. Ipak yo‘li orqali mamlakatimizga turli madaniyat va texnologiyalar kirib keldi va Yaponiya tarixi va jamiyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Yaponiyani bir necha ming kilometr quruqlik va dengiz ajratib turganiga qaramay, o‘tgan yillar davomida xalqlarimiz madaniy va etnik yaqinlik tuyg‘usini saqlab, mustahkamlab kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng ko‘p sonli yaponiyaliklar sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan internirlangan edi. Shunga qaramay, O‘zbekistondagi yaponiyalik ishchilar va mahalliy aholi o‘rtasida iliq munosabatlar shakllandi. Yaponlar ko‘magida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining mahobatli binosi-ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylandi. Eshitishimcha, 1966-yilda Toshkentdagi zilzila paytida ushbu bino zarar ko‘rmay qolgan va hozirda shahar aholisining opera va balet tomosha qilish maskani-bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-yilda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Yaponiya o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston taraqqiyotini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi va doimo uning ishonchli hamkori hamda do‘sti bo‘lib kelayotir.

Ko‘p yillik tarix va do‘stlikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Yaponiya O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, uning rivojlanishiga, jumladan, infratuzilmani yaxshilash, kadrlar tayyorlash kabi sohalarda har tomonlama ko‘mak bermoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy kreditlar ajratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘maklashish so‘nggi yillardagi hamkorlikka misol bo‘la oladi. Shuningdek, biz issiqlik elektr stansiyalarini, xususan, Navoiydagi stansiyasini modernizatsiya qilish orqali iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirishga yordam beryapmiz.

Bundan tashqari, Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan muammolar, jumladan, murakkab iqlim sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va texnologiyalar bilan ta’minlash orqali o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni qo‘llab-quvvatlash rejasini ishlab chiqayapmiz.

Shuningdek, biz sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va davlat qurilishi uchun inson resurslarini tayyorlash kabi sohalarda ko‘maklashamiz. Yaponiyaning bunday hissasi zamonaviy O‘zbekiston rivojiga zarracha bo‘lsada yordam bersa, bu biz uchun katta-quvonch baxsh etadi.

Chunki, Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2016-yilda Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng O‘zbekiston uning rahbarligida barqaror iqtisodiy rivojlanish sari yuz tutdi. Shu munosabat bilan Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar keyingi yillarda tobora jadal-rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga buyurgan tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tardi va turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

O‘shandan beri har ikki davlat energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi o‘zaro sheriklikni ilgari surmoqda va ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, mintaqaviy va akademik aloqalarni mustahkamlash orqali keng ko‘lamli gumanitar almashinuvlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda.

Yaponiya Markaziy Osiyoning ahamiyatiga o‘z vaqtida e’tibor qaratgan holda, Yaponiya katalizator sifatida mintaqaviy hamkorlik jarayonini mustaqil-olg‘a siljitish uchun davlatlarga shart-sharoit yaratish maqsadida 2004-yilda dunyoning boshqa davlatlaridan-o‘zib, “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqot formatini tashkil etdi. 20-yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilayotgan ko‘plab siyosiy muloqotlar va gumanitar almashinuvlar, jumladan, shu kungacha 9 marta o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari Yaponiya va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi mustahkam bo‘g‘inga aylandi.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mustahkam iqtisodiy rivojlanishga erishdi hamda uning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim savdo yo‘li sifatidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shu bilan birga, Yaponiya tomoni xalqaro vaziyatning o‘zgarishi munosabati bilan Markaziy Osiyo davlatlari turli ta’sir turlarini boshdan kechirayotganini yaxshi tushunadi. Aynan hozir, Markaziy Osiyo atrofidagi vaziyat keskin o‘zgarib borayotgan bir paytda, mintaqaviy hamkorlik zarur.

Bunday vaziyatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, davlat chegaralari va suv resurslari kabi muhim masalalar bo‘yicha konstruktiv va tinch muloqotni ta’minlashda yetakchi rol o‘ynamoqda.

Bu yo‘nalish “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti maqsadiga to‘liq mos keladi. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Yaponiya tomoni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va Markaziy Osiyo bilan birgalikda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni qat’iy qo‘llab-quvvatlash niyatida. Tashrifimdan asosiy maqsad ham shu.

27-avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Janobi Oliylari bilan kechadigan uchrashuvda, ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi strategik muloqoti doirasida siyosat, iqtisodiyot va madaniyat kabi turli sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro chaqiriqlarga birgalikda javob berish masalalari yuzasidan samimiy fikr almashamiz.

Yaponiya tomoni O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga kadrlar tayyorlash, “yashil” energiya, asosiy ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va boshqa yo‘nalishlarda ko‘maklashishda davom etadi va shu orqali jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik salohiyatini rivojlantiradi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardimki, joriy yilning aprel oyida Osaka shahrida boshlangan “Kelajak jamiyatini hayotimiz uchun loyihalash” mavzusidagi Butunjahon ko‘rgazmasida “Bilimlar bog‘i” “The Garden of Knowledge” konsepsiyasi aks ettirilgan O‘zbekiston paviloniga har kuni ko‘plab mehmonlar tashrif buyurmoqda. 17-avgust kuni O‘zbekiston Milliy kuniga bag‘ishlab O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti mudiri Gayane Umerova xonim ishtirokida juda qiziqarli tadbir bo‘lib o‘tdi.

Umid qilamizki, EKSPO ko‘rgazmasi ikki mamlakat o‘rtasidagi turli darajadagi iqtisodiy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi. EKSPO tugashiga salkam bir yarim oy vaqt qoldi, bu vaqt ichida Yaponiyaga yanada ko‘proq O‘zbekiston fuqarolari tashrif buyuradi, degan umiddamiz.

Takesi IVAYA,

Yaponiya tashqi ishlar vaziri

Tokio shahri

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech