Yevropa parlamentida “O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi: demokratik islohotlarni va gender tenglikni ilgari surishda parlamentlararo muloqotning roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tadbirda keyingi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Xususan, 2025 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti o‘zaro ishonchli muloqotni yanada mustahkamlab, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochib berdi.
Ushbu jarayonda parlamentlararo muloqot muhim o‘rin tutayotgani, qonunchilik bo‘yicha tajriba almashish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Davra suhbati davomida inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar siyosati va ayollarning ijtimoiy-siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekistonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan gender tenglik strategiyasi qabul qilingani, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi roli tobora ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayollarning parlament, boshqaruv, ta’lim va tadbirkorlik sohalaridagi faolligi misol qilib keltirildi.
Tadbir ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, gender tenglikni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda parlamentlararo muloqotning rolini kuchaytirish, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 03.10.2025
- Ko'rishlar: 122
- Chop etish