Har yili avgust oyi oxirlab, sentyabr yaqinlashar ekan, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun turar joy masalasi yana dolzarb muammoga aylanadi. Aksariyat oliy o‘quv yurtlarining yotoqxonalarida joylar soni cheklangan bo‘lib, u yerga asosan nogironligi bor, kam ta’minlangan oilalardan chiqqan, boquvchisini yo‘qotgan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar joylashtiriladi. Boshqa talabalar esa ijaraga xonadon izlashga majbur bo‘lmoqda.
Toshkent shahrida yashash narxlari viloyatlarga nisbatan ancha yuqori. Xususan, 4–6 kishilik xonadonning o‘rtacha oylik ijara to‘lovi 350–550 AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu narxni har bir talaba uchun hisoblaydigan bo‘lsak, 80–90 dollar atrofida tushadi. Bunga oziq-ovqat, transport, aloqa, o‘quv qurollari va boshqa zaruriy xarajatlar qo‘shilsa, oddiy bir talabaning bir oylik yashash xarajati o‘rtacha oilaning moliyaviy imkoniyatlaridan ancha yuqori bo‘ladi.
Ushbu holat esa ta’limga kirish imkoniyatlarining cheklanishi va ba’zi hollarda talabalar pul topish uchun o‘qishni keyingi o‘rinlarga qo‘yishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda ta’lim sifatiga ham ta’sir qiladi.

Mazkur muammoni yumshatish va talabalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Prezidentimizning 2021 yil 20 apreldagi PQ-6208-sonli qaroriga asosan, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan, o‘ziga yoki qonuniy vakillariga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalar uchun ijara puli to‘lab berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qoplab beriladigan ijara to‘lovining maksimal miqdori Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, qolgan hududlarda bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravarida hisoblanadi.

Bu yordam talabalar uchun muhim yengillik bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq, amaliyotda ba’zi to‘siqlar ham mavjud. Odatda, ko‘pchilik uy egalari rasmiy shartnoma tuzishni istamaydi. Qolaversa, kompensatsiya olish uchun ko‘p hujjatlar kerak va muayyan vaqt talab etadi.
Ushbu vaziyatni barqarorlashtirish uchun bir necha yechim va takliflar kiritishimiz mumkin. Davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi yotoqxona loyihalarini amalga oshirish va yirik oliygohlarga yaqin manzillarda qo‘shimcha yotoqxonalar qurishni rejalashtirish maqsadga muvofiq. Xususiy investorlar uchun imtiyozli kreditlar, soliq chegirmalari, yer ajratish orqali bu kabi loyihalar yanada kengayadi. Oliygohlarga yaqin manzillarda talabalar uchun turar joy binolarining qurilishi nafaqat iqtisodiy tomondan yengillik, balki yo‘lga ketadigan vaqtni ham ancha tejagan bo‘lar edi.
Uy-joy ijara bozorida narx-navo bo‘yicha maxsus tekshiruvlar olib borish va me’yordan ochiqcha narxlarni cheklovchi chora-tadbirlar ishlab chiqish mavzu doirasidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Talabalarning yashash joyi bilan bog‘liq muammo faqat ijtimoiy masala emas, balki u ta’lim sifatiga, yoshlarning ruhiy holatiga va mamlakatning kelajakdagi intellektual salohiyatiga ham bevosita ta’sir qiluvchi omildir. Yangi yotoqxonalar qurilishi, ijara bozorini tartibga solish, rasmiy ijara shartnomalarini rag‘batlantirish, kompensatsiya mexanizmlarini takomillashtirish orqali bu muammoni sezilarli darajada yengillashtirish mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA
- Qo'shildi: 27.08.2025
- Ko'rishlar: 119
- Chop etish