Amaldagi Strategiyada 100, yangilanayotgan loyihasida esa 451 ta maqsad mujassam
Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbusiga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bugungi rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqqan holda yangilanmoqda. Yangilanayotgan strategiya loyihasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan yangi samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash lozimki, 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining o‘rta muddatga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, maqsadlari hamda ularga erishish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilab berdi. Uning doirasida izchillik bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida yurtimizda kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga tushdi, yalpi ichki mahsulot hajmi 107,5 milliard dollardan 140 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi 24,9 milliard dollardan 27,9 milliard dollarga oshdi.
Shuningdek, ishsizlik darajasi 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. O‘zbekiston Global innovatsion indeksida 139 ta davlat orasida 82-o‘rindan 79-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.
Har bir soha va yo‘nalishda dadillik bilan qo‘lga kiritilayotgan natijalarni barqaror davom ettirish, yanada yuqori marralarni o‘z oldimizga qo‘ygan holda bugungidan-da yuksak samaralarga erishish va shu orqali aholi farovonligini yanada oshirish mamlakatimizning eng oliy maqsadidir.
Shu maqsadda yangilanayotgan 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida 451 ta maqsadli ko‘rsatkich belgilangan. Amaldagi strategiyamizda esa 100 ta maqsad aks etgan edi. Loyihadagi 451 ta maqsadli ko‘rsatkichdan 132 ta ko‘rsatkich yangi tahrirda va yangi mezonlar asosida belgilanmoqda, 190 ta yangi ko‘rsatkich bilan to‘ldirilmoqda. 129 ta ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldirilayotgan bo‘lsa, 184 ta ko‘rsatkich chiqarib tashlanmoqda.
Amaldagi strategiyada KPI ko‘rsatkichlari belgilanmagan. Endilikda esa KPI ko‘rsatkichi tushunchasi ishlab chiqilib, daraja, ulush, foiz, hajm, ball kabi birliklarda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Har bir yo‘nalishda ko‘zda tutilayotgan maqsad-vazifalar yilma-yil tarzda belgilanib, qaysi yilda qanday natijaga erishish lozimligi belgilab berilayotgani e’tiborga molik. Chunki, bu ko‘zda tutilayotgan maqsad-vazifalarga aniqlik, reallik baxsh etib, ularga erishish uchun marrani baland olish va shunga munosib tarzda harakat qilishga undaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan, boyitilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi O‘zbekistonning barcha sohadagi yutuq va natijalarini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish, xalqimiz farovonligi va aholi turmush tarzini yuksaltirishga zamin bo‘ladigan strategik hujjat bo‘ladi. Uni takomillashtirishda yurtdoshlarimizning faol ishtiroki, hayotiy takliflarni taqdim etishi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский