O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida xalqaro talablar doirasida xotin-qizlar ahvolini tubdan yaxshilashga doir qonun ijodkorligi faoliyatida faollik va tashabbuskorlikni oshirish zarurligini ta'kidlagandi.
Davlat rahbarining bu boradagi topshiriqlari hamda 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Qonun loyihasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqildi. U xotin-qizlarni turmushda, ish joyida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Jumladan, loyihada tazyiq va zo'ravonlikning oldini olishga doir chora-tadbirlar, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik, tazyiq hamda zo'ravonlikni boshidan o'tkazgan shaxslarni himoya qilishni, shuningdek jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning har qanday namoyon bo'lishiga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlar ko'zda tutilgan.
Loyihada xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari aniqlangan. Bu sohadagi vakolatli organlar belgilangan.
Tayanch tushunchalar alohida bayon etilgan. Xususan “tazyiq”, “zo'ravonlik”, “ruhiy zo'ravonlik”, “jismoniy zo'ravonlik”, “jinsiy zo'ravonlik”, “iqtisodiy zo'ravonlik”, “tazyiq va zo'ravonlik jabrlanuvchilari”, “himoya orderi” kabi tushunchalarning mazmuni ochib berilgan.
Kelgusida Qonun loyihasi doirasida zo'ravonlik sodir etishga moyil bo'lgan yoki sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini tuzatish dasturi ishlab chiqiladi. Bunda loyihaning zo'ravonlik sodir etishga moyil bo'lgan yoki sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini tuzatishga qaratilgan qoidalari muhim rol` o'ynaydi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilishda bevosita ishtirok etadigan vakolatli organlarning vakolatlari ta'riflangan. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik hollarining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo'yishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarning turlari qayd etilgan.
Loyihada tazyiq va zo'ravonlikda jabr ko'rgan shaxslar uchun tezkor aloqaning ishlash tartibi belgilanmoqda. Tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rganlarni maxsus reabilitatsiya markazlariga joylashtirish va ularni u yerda saqlab turish mexanizmi bayon etilgan. Ushbu tadbirlarni va loyihada bayon qilingan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish manbalari ko'rsatilgan.
Bu sohadagi xorijiy tajriba asosida loyihada ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rganlarga himoya orderini berish mexanizmi joriy etilmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan jabrlanuvchilarga himoya orderi berish tartib-taomili va oqibatlari belgilab beriladi. Himoya orderi talablari buzilganda shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.
Xorijiy tajriba tahlili hozirgi vaqtda zo'ravonlikka, xususan, maishiy zo'ravonlikka, xotin-qizlarga nisbatan qo'llaniladigan tazyiq va zo'ravonlikka qarshi kurashish muammosiga katta e'tibor berilayotganini ko'rsatmoqda. Bu masalani tartibga soladigan maxsus qonunlar 120 dan ortiq mamlakatda qabul qilingan. Ayni chog'da, O'zbekiston, Belarus`, Turkmaniston va Rossiya bundan mustasno.
Qonunni tayyorlash doirasida xalqaro deklaratsiyalar o'rganildi. Shuningdek, Avstriya, Braziliya, Malayziya, Qozog'iston, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Litva kabi mamlakatlarning normativ-huquqiy hujjatlari tahlil qilindi.
Xalqaro amaliyotni, shuningdek tayyorlanayotgan qonunning ta'sir doirasini hisobga olib, loyihada qonun normasi tatbiq etiladigan joy ko'lami kengaytirilgan. Bu, o'z navbatida, mamlakatimizda xotin-qizlarni zo'ravonlik va tazyiqdan himoya qilish bo'yicha chora-tadbirlar qamrovini tubdan oshirishga ko'maklashadi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, avvalambor, jamiyatda, turmushda, ish joyida, ta'lim muassasalari va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, loyihada xotin-qizlarga nisbatan har qanday tazyiq va zo'ravonlik hollarining oldini olish mexanizmi qonunchilik darajasida mustahkamlab qo'yilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada bu borada vakolatli davlat organlari javobgarligini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish sohasida tegishli tuzilmalarda ijtimoiy sheriklik mexanizmi belgilab olinishi ko'zda tutilgan.
Buning natijasida jamiyatning zo'ravonlik va tazyiq o'tkazishga munosabati o'zgaradi. Aholining turli qatlamlari bunday salbiy holatlarni bartaraf etish choralarini ko'radi.
Qonun loyihasini tayyorlashda BMTTD, USAID kabi xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari ekspertlarining xulosalari olindi. Loyiha mamlakatimiz manfaatdor vazirliklari va idoralari bilan kelishilgan.
Loyiha jamoatchilik muhokamasini o'tkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi. Muhokama jarayonida Qonun loyihasi 1 ming 477 nafar shaxs tomonidan ko'rib chiqildi va 45 ta taklif bildirildi. Qonun loyihasi ana shu takliflar asosida takomillashtirildi.
O'z navbatida, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun loyihasi o'rnatilgan tartibda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.08.2019
- Ko'rishlar: 9147
- Chop etish