Yevropa Ittifoqi «Jasliq» koloniyasining yopilishini olqishlab, buni qamoqxonalarda boshqaruvni yaxshilash sari tashlangan qadam deb atadi.
Bayonotda ilg'or xalqaro tajribaga muvofiq, O'zbekiston parlamenti Ombudsmanining milliy profilaktika mexanizmini amalga oshirish bo'yicha vakolatlarini kengaytirish lozimligi ham eslatib o'tilgan.
“Evropa Ittifoqi BMTning Qiynoq va jazoning boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni toptovchi turlariga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilish asosida jazoni ijro etish muassasalari tizimida islohotlarning amalga oshirilishi hamda eng yaxshi xalqaro tajribalarga muvofiq ravishda Ombudsmanning Milliy preventiv mexanizmi funktsiyasini bajarish bo'yicha vakolatlari kengaytirilishini kutmoqda”, — deyiladi Yevroittifoq bayonotida.
«2017-2021 yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida ta'kidlanganidek, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat O'zbekistonning jadal iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining muhim shartidir. Ham xorijlik, ham mahalliy iqtisodiy operatorlarning amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchi va O'zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishi ushbu sohadagi muntazam ijobiy o'zgarishlarga bog'liqdir. Yevropa Ittifoqi munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqadigan bu kabi sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashga tayyor», — deya e'tirof etiladi bayonotda.
Ma'lumot uchun: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni «Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to'g'risida»gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ijobiy baholandi.
«Human Rights Watch» tashkiloti vakili Stiv Sverdlou «Jasliq» koloniyasi yopilishini «aql bovar qilmas yangilik» deb atab, qiynoqlar davri ortda qolganiga ishonch bildirdi.
«Amnesty International» tashkiloti vakili Deniel Balson O'zbekistonning xalqaro nufuziga soya solib turgan koloniyaning yopilishi inson huquqlarini ta'minlash yo'lida dadil odim bo'lganini qayd etdi.
BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer ushbu qaror xalqaro tashkilot tavsiyalariga muvofiq ekanini ta'kidladi.
O'tgan yillar davomida BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va Qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda bir qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O'zbekiston hukumatiga «Jasliq» koloniyacini yopishni so'rab murojaat qilgan.
OAV xabarlari asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 16.08.2019
- Ko'rishlar: 6333
- Chop etish