Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Dunyo bo‘ylab 739 mln voyaga yetgan inson savodsiz — YUNESKO

YUNESKO 8-sentyabr kuni Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligini nishonladi. Tashkilot savodxonlik insonning asosiy huquqi ekanini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, dunyo bo‘ylab 739 million nafar katta yoshli odam hali ham oddiy savodxonlik ko‘nikmalariga ega emasligi ma’lum qilindi.

“Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligini nishonlayapmiz. Savodxonlik insonning asosiy huquqidir. U insonlar hayotini, iqtisodiyotni va jamiyatni o‘zgartiradigan buyuk kuchdir”, dedi YUNESKO bosh direktori Holid an-Anani sana munosabati bilan yo‘llagan murojaatida.
 

 

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 50 yilda dunyoda savodxonlik darajasi sezilarli darajada oshgan. Yoshlar o‘rtasidagi savodxonlik 1975-yildagi 75 foizdan 2024-yilda 93 foizga yetgan. Kattalar o‘rtasidagi savodxonlik esa 65 foizdan 88 foizga ko‘tarilgan.
Lekin ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, 739 million voyaga yetgan kishi hamon savodsiz bo‘lib qolmoqda. Ularning uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi. Shuningdek, dunyo bo‘yicha 273 million bola maktabga bormaydi. Daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda 10 yoshli bolalarning 70 foizi oddiy matnni o‘qiy olmaydi va tushunmaydi.

“Bu raqamlar boy berilgan imkoniyat va salohiyatni anglatadi. Shuningdek, bu insonning asosiy huquqlari poymol etilayotganini ko‘rsatadi”, dedi an-Anani.

 
 

 

Xalqaro savodxonlik kuni har yili 8-sentyabrda nishonlanadi. Bayram tadbirlari 1967-yildan beri o‘tkazib kelinadi. Maqsad adolatli, tinch va barqaror jamiyat qurishda savodxonlikning o‘rnini ko‘rsatishdir. Bu yilgi bayram “Odamlar, sayyora va farovonlik uchun savodxonlik” mavzusida o‘tdi. YUNESKO global bayram tadbirlarini 8—9-sentyabr kunlari Meksikada o‘tkazdi.
Bu yubiley Afg‘onistonda ta’lim inqirozi chuqurlashgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, qizlar va ayollar og‘ir ahvolda qolmoqda. “Tolibon” qizlarga oltinchi sinfdan keyin o‘qishni taqiqlagan. Hozirda Afg‘oniston ayollar uchun o‘rta hamda oliy ta’lim taqiqlangan dunyodagi yagona mamlakatdir. Avvalroq  YUNESKO Afg‘onistonda 2,4 million qiz ta’lim olish imkonidan mahrumligi haqida ma’lum qilgan edi.
Bu cheklovlar savodxonlik, ish bilan ta’minlanish va zarur xizmatlardan foydalanishga salbiy ta’sir qiladi. BMT qizlarni ta’limdan mahrum qilish kelajak avlodlarga ham og‘ir oqibatlar olib kelishidan bir necha bor ogohlantirgan.
YUNESKOning savodxonlik bo‘yicha global strategiyasi gender tengligiga va e’tibordan chetda qolayotgan insonlarga yordam berishga qaratilgan. Tashkilot ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, davlat ta’lim tizimlarini kuchaytirmoqda va mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Daryo.uz
Nashr sanasi 14.09.2026 Ko'rishlar 31
Ulashish