Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen 16-sentabr kuni Strasburgda Yevropa parlamentida «Ittifoq holati toʻgʻrisida»gi yillik murojaatida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini keskin cheklash boʻyicha yangi rejalarni maʼlum qildi.
Fon der Lyayenga koʻra, Yevropa Ittifoqida 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi, 15 yoshgacha boʻlganlar esa shaxsiy akkaunt ocha olmasligi kerak. 13 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga faqat ota-ona yoki vasiy tomonidan ochilgan va nazorat qilinadigan maxsus «mini-akkauntlar» orqali cheklangan imkoniyatlar taqdim etilishi koʻzda tutilmoqda.
Bunday akkauntlarda platformaning ayrim funksiyalari cheklanadi va foydalanish vaqtiga limit belgilanadi. Fon der Lyayen nutqida bu vaqtni kuniga bir soat bilan cheklash rejasini ham tilga oldi. 15 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar uchun esa platformalar «xavfsiz dizayn» tamoyili asosida ishlashi shart boʻladi.
Yevrokomissiya raisi bu choralarni bolalarning internetda oʻtkazayotgan vaqti ortib borayotgani bilan izohladi. Uning aytishicha, yosh yevropaliklar ekran qarshisida kuniga oʻrtacha 4–6 soat vaqt oʻtkazmoqda, ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari esa ularni imkon qadar uzoqroq platformada ushlab turishga moʻljallangan.
Fon der Lyayen bu jarayonni bolalarning «diqqati, eʼtibori va ongini egallab olish» deb taʼriflab, ijtimoiy tarmoqlar ularni bolaligidan mahrum qilayotganini aytdi. U uyqu buzilishi, xavotir va onlayn bulling kabi xavflarga ham eʼtibor qaratdi.
Yevrokomissiya raisi, shuningdek, platformalardagi foydalanuvchini oʻziga bogʻlab qoʻyuvchi mexanizmlar va algoritmlarga qarshi choralar koʻrish zarurligini taʼkidladi.
«Biz oʻziga qaram qilib qoʻyuvchi funksiyalarni qabul qilishimiz shart emas. Bolalarning tobora ekstremal kontentga tortilishiga ham toqat qilishimiz shart emas», - dedi fon der Lyayen.
Yangi yondashuvning muhim jihatlaridan biri - platformalarning javobgarligini kuchaytirish. Hozirgi modelda bolalar va ota-onalar xavflardan himoyalanish choralarini koʻrishi kutilsa, Yevrokomissiya bu mantiqni oʻzgartirishni taklif qilmoqda. Yaʼni ijtimoiy tarmoqning bolalar uchun xavfsiz ekanini endi platformaning oʻzi isbotlashi kerak boʻladi.
«Gap voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi haqida emas. Gap ijtimoiy tarmoqlarga voyaga yetmaganlarga qachon va qanday kirishga ruxsat berishimiz haqida ketmoqda», - dedi fon der Lyayen.
U yirik texnologik kompaniyalarning taʼsiri haddan tashqari katta va ularni cheklash imkonsiz degan qarashga qoʻshilmasligini ham bildirdi.
«Yevropa harakat qilish qudratiga ega. Qoidalarni Big Tech emas, biz belgilaymiz», - dedi Yevrokomissiya rahbari.
Bu choralar EU Kids Act deb nomlangan yangi qonunchilik tashabbusi doirasida ilgari surilmoqda. Yevropa komissiyasining rasmiy maʼlumotiga koʻra, qonunchilik taklifi 17-sentabr kuni qabul qilingan. Unda yoshga qarab bosqichma-bosqich cheklovlar, 13–15 yoshdagilar uchun ota-ona nazoratidagi akkauntlar va 18 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar uchun xavfsiz dizayn talablari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, bu qoidalar hali Yevropa Ittifoqi boʻylab amal qila boshlagan tayyor taqiq degani emas. Qonunchilik tashabbusi kuchga kirishi uchun YeIning tegishli qonunchilik jarayonlaridan, jumladan Yevropa parlamenti va aʼzo davlatlar ishtirokidagi muhokamalardan oʻtishi kerak. AP ham tashabbus 27 aʼzo davlat darajasida muhokama va tasdiqni talab qilishini qayd etmoqda.
Yevrokomissiya bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Fon der Lyayen kuzda Digital Fairness Act - raqamli adolat toʻgʻrisidagi yana bir qonunchilik tashabbusini ilgari surishini maʼlum qildi. U ijtimoiy tarmoqlar va boshqa onlayn xizmatlarda odamlarni platformada uzoqroq ushlab turishga qaratilgan «qaram qiluvchi dizayn» mexanizmlarini tartibga solishga yoʻnaltiriladi.
Kun.uz
