Gender tenglik – barqaror taraqqiyot omili
Mamlakatimizda gender tenglikka doir turli forumlar, anjumanlar, ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar o‘tkazilmoqda.
Samarqand mezbonlik qilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida joriy yilning 4 noyabr kuni gender tengligini ko‘p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika “Oqila qizlar” harakati, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, YUNESKO va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari, turli jabhalarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan olima ayollar, media tuzilmalarning xodimlari ishtirok etdi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, YUNESKOning gender tenglik bo‘yicha departamenti direktori Begonya Lasagabaster va boshqalar gender tenglikni ta’minlash jahon miqyosidagi dolzarb masalalardan ekanini e’tirof etdi.
–Gender tengligi, ayollar huquqlari bo‘yicha xalqaro miqyosda ko‘plab yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, lekin hali bu borada ko‘plab hal etilishi kerak bo‘lgan ishlarni ta’lim dargohlaridan, sinfxonlaridan boshlash kerak, deb o‘ylayman, – dedi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. – Bu borada ko‘proq natijaga erishish uchun onglarni, dunyoqarashni, gender tafovutlarni, eskicha qarash va qoliplarni o‘zgartirish kerak. Sir emaski, bugungi kunda kompyuter texnologiyalari sohasida iqtidorini namoyish etayotgan qizlar 10 foizni tashkil etadi. Ayni paytda ushbu yo‘nalish, ilm-fan, sun’iy intellekt sohalarida qizlarning bilimlarini boyitish, iqtidorini namoyish etishi uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish kerak.
– O‘zbekistonda xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilishga oid 100 ga yaqin huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova. – Mamlakatimizda ayollarning ta’lim, mehnat, tadbirkorlik huquqlarini himoyalashga oid ko‘plab tashabbuslar ilgari surilmoqda. Oila, xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi amaliy e’tibor natijasida, qizlarni ta’limga qamrab olish, olima ayollar uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasiga ijobiy yutuqlarga erishilmoqda.
Tadbirda YUNESKO mukofotiga erishgan bir qator olima ayollar o‘z muvaffaqiyatlarini qo‘lga kiritish yo‘lidagi to‘siqlarni qanday barataraf etganlariga oid tajribalari bilan o‘roqlashdi.
Hamkorlikda gender tenglikni ta’minlash yuzasidan amaliy rejalar belgilab olindi.
Tadbir doirasida qadimda Turon zaminida yashab o‘tgan yetakchi ayollarning tarixda tutgan o‘rni va mavqeiga bag‘ishlangan “Ayol. Tarix. Tamaddun” nomli kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
Ўзбекча
English
Русский