Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston maktablari yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashmoqda

8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni

 

“Keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir”.

Ushbu fikrlar  Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 1-sentyabr kuni mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigida yangradi.

Joriy 2026/2027 o‘quv yilida qariyb 800 ming nafar maktab yoshidagi bola 1-sinfga o‘qishga bordi. Mamlakatimizdagi 10 ming 225 ta umumta’lim maktabi birinchi sinfiga borgan barcha o‘quvchilarga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» to‘plamlari topshirildi.

So‘nggi o‘n yilning o‘zida yurtimizda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratilmoqda.

Maktablarda ayni vaqtda 550 ming nafardan ortiq o‘qituvchi 6,7 million nafardan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muallimlarning oylik ish haqi muntazam oshirilmoqda.

Kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim qamrovlari ham izchil oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarimiz bilimli bo‘lishi, sifatli ta’lim olishi va o‘zlariga ma’qul kasblarni o‘rganishi uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

Mamlakatimizda qizg‘in nishonlangan Bilimlar kuni izchillik bilan Xalqaro savodxonlik kuniga ulanib ketdi. Binobarin, savodxonlik – tinch-osoyishta va barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovidir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan ushbu muhim xalqaro sana YUNESKO tomonidan 1966-yili joriy etilgan. Bu sanani dunyo miqyosida bayram qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – insoniyatning savodxonlik darajasini oshirish va ayni sohada jahon hamjamiyatining faolligini muntazam kuchaytirib borishdir.

Buyuk sivilizatsiyalarga asos solgan ilg‘or xalqlar, shu jumladan, ikkita Renessansning boshida turgan xalqimiz uchun savodxonlik mezoni necha ming yillik tarixga ega. Ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy asarlarida “savod” so‘zi o‘ndan ortiq ma’noda qo‘llangani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Navoiy hazratlarining “Saddi Iskandariy” dostonida shunday misra bor:

Uzub hikmat avroqini tundbod,

Kutub uchtiyu elga qoldi savod.

Bu o‘rinda “savod” so‘zi qoralama, ya’ni yozuvning birinchi nusxasi, degan ma’noni anglatadi. O‘z navbatida, “Farhod va Shirin” dostonidagi:

Uchunchi oy ravon bo‘ldi savodi,

Burung‘i yilda Qur’on bo‘ldi yodi,

misralarida “savod” so‘zi – yozuv-chizuvni o‘rganib olganlik holatidan darak berib kelmoqda.

 Bugungi kunda ham lug‘atimizdagi savod, savodxonlik, savodlilik so‘zlari shunday ma’nolarga juda yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Xususan, savodxonlik:

birinchidan, aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan bo‘lib, oddiy matnlarni o‘qiy olish yoki ularni o‘qish va yoza olish ko‘nikmasi – xat-savodlilikni bildiradi;

ikkinchidan, odamning adabiy til me’yorlariga muvofiq keladigan og‘zaki va yozma nutq malakalari borligini anglatadi;

uchinchidan, muayyan soha bo‘yicha yetarli bilimga egalikni ifodalaydi.

Xalqimiz nafaqat bilimli va ma’lumotli, balki ko‘p o‘qigan, mustaqil fikrlovchi insonlarga ham savodli deya baho beradi. Zero, savod – bilim, tushuncha va tajribadir.

Shu bilan birga, savodxonlikning ziddi bo‘lgan “savodsizlik” so‘zi savodning yo‘qligini anglatish uchun qo‘llanadi. Savodsiz, odatda, o‘qish-yozishni bilmaydi. Savodsizlik – yetarli bilim va ma’lumotning mavjud emasligidir.

Xalqaro savodxonlik kuni dunyo miqyosida nishonlanishi bejiz emas. Chunki savodxonlik – inson uchun tom ma’noda bayram. Bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo‘yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to‘kis va farovon yashaydilar.

Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufayli bunday baxtdan mosuvo insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o‘qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor.

Ayrim mamlakatlarda birgina bolakayning boshlang‘ich ta’lim olishi uchun butun boshli oila mablag‘ jamg‘arishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi mamlakatlarda xotin-qizlarning xat-savodli bo‘lishi shart emas, degan almisoqdan qolgan tushuncha hali ham kuchda.

Qayerdadir maktablar yetishmaydi. Yana qayerdadir urushlarning tinmayotgani maktablardagi o‘qish-o‘qitish imkoniyatlarini chippakka chiqarmoqda. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi 10 yoshli barcha bolalarning uchdan ikki qismi mutlaqo o‘qishni bilmaydi.

Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi uzoq yillik izchil sa’y-harakatlariga qaramay, dunyo miqyosida 773 million nafardan ziyod inson hatto boshlang‘ich xat-savodga ega emas. Bu raqam savodsizlik muammosining haligacha dolzarbligidan dalolatdir.

Shuning uchun YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati hamda ta’lim-ma’rifat muassasalari vakillari har yili Xalqaro savodxonlik kunini nishonlashda faol ishtirok etadi. Insoniyat savodxonligini yuksaltirish ishiga ulug‘vor hissa qo‘shgan shaxslar xalqaro mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. Zero, keyingi yetti yil ichida milliy ta’lim tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi.

Prezidentimiz  ta’biri bilan aytganda, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom MIRZO

Nashr sanasi 08.09.2026 Ko'rishlar 80
Ulashish