Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

XALQARO POLITSIYA HAMKORLIGI KUNI: BMT BOSH ASSAMBLEYASI REZOLYUSIYASI VA XALQARO HUQUQ-TARTIBOT HAMKORLIGINING HUQUQIY ASOSLARI

Zamonaviy jinoyatchilikning eng muhim xususiyati uning davlat chegaralaridan chiqib ketganligidadir. Odam savdosi, giyohvand moddalar aylanmasi, qurol kontrabandasi, korrupsion daromadlarni legallashtirish, kiberjinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtirish kabi qilmishlar bir vaqtning o‘zida bir necha yurisdiksiyaga daxldor bo‘lib, ularning oldini olish va ochish hech bir davlatning yakka tartibdagi sa’y-harakati bilan ta’minlanmaydi. Shu bois huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlik XXI asrda xalqaro xavfsizlik arxitekturasining mustaqil va zaruriy tarkibiy qismiga aylandi.

Mazkur haqiqatning xalqaro huquqiy e’tirofi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yil 16-dekabrda 77/241-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, 7-sentyabrni – Xalqaro politsiya hamkorligi kuni deb e’lon qildi. Rezolyutsiya konsensus asosida, ovoz berishsiz qabul qilingan bo‘lib, bu unda mustahkamlangan qadriyatlar bo‘yicha xalqaro hamjamiyatda keng kelishuv mavjudligidan dalolat beradi. Ushbu sana birinchi marta 2023-yilda nishonlandi, 2026-yilda esa u to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda.

Ayni sana, ya’ni 7-sentyabr kuni tasodifiy tanlanmagan. Gap shundaki, 1923-yilning aynan shu kunida Venada o‘tkazilgan xalqaro politsiya kongressi natijasida Xalqaro jinoiy politsiya komissiyasi (International Criminal Police Commission, ICPC) tashkil etilgan. Ushbu tuzilma keyinchalik Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — INTERPOL ga aylandi. Shunday qilib, Bosh Assambleya tanlagan sana zamonaviy institutsionallashgan politsiya hamkorligining tug‘ilgan kunini belgilaydi. Kunning birinchi nishonlanishi INTERPOL tashkil etilganining yuz yilligiga to‘g‘ri kelgani esa ramziy ma’noni yanada kuchaytirdi.

INTERPOLning BMT bilan aloqalari uzoq tarixga ega. Tashkilot 1949-yilda Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashning maslahat maqomiga ega bo‘lgan, 1996-yilda esa Bosh Assambleyaning 51/1-sonli rezolyutsiyasi bilan kuzatuvchi maqomi berilgan. Keyingi yillarda ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik Bosh Assambleyaning 71/19, 73/11, 75/10 va 77/20-sonli rezolyutsiyalarida bosqichma-bosqich kengaytirildi. Bugungi kunda INTERPOL 195 ta a’zo davlatni birlashtiradi va ularning har birida Milliy markaziy byuro (MMB) faoliyat yuritadi. Bu byurolar I-24/7 himoyalangan global politsiya aloqa tarmog‘i orqali o‘zaro va Bosh kotibiyat bilan bog‘lanadi.

Institutsional nuqtayi nazardan qaraganda, 77/241-rezolyutsiya BMTning universal siyosiy platformasi bilan INTERPOLning texnik-operativ tarmog‘ini bir sana doirasida uyg‘unlashtirdi. Bu ikki tizimning bir-birini almashtirmasligi, balki to‘ldirishi haqidagi tushunchani mustahkamladi.

Rezolyutsiya loyihasi A/77/L.29 belgisi ostida Braziliya, Keniya, Kiribati va Norvegiya tomonidan ilgari surildi. Keyinchalik unga Angola, Antigua va Barbuda, Botsvana, Bruney-Darussalom, Xitoy, Kolumbiya, Misr, Ekvatorial Gvineya, Indoneziya, Maldiv orollari, Paragvay, Filippin, Rossiya Federatsiyasi hamda Tanzaniya Birlashgan Respublikasi hammualliflar sifatida qo‘shildi. Hujjat "Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov" kun tartibi bandi doirasida, Bosh Assambleyaning 55-yalpi majlisida (A/77/PV.55) ko‘rib chiqilib, konsensus bilan ma’qullandi.

Hujjatning mazmuniy o‘zagini transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashda global, mintaqaviy va submintaqaviy darajalarda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurati to‘g‘risidagi qoida tashkil etadi. Rezolyutsiyada, xususan, transmilliy uyushgan jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘nalishlari alohida ajratib ko‘rsatiladi.

Huquqiy nuqtayi nazardan 77/241-rezolyutsiya majburiy kuchga ega bo‘lmagan hujjat — u davlatlar zimmasiga yangi shartnomaviy majburiyat yuklamaydi. Biroq uning ahamiyatini shu bilan cheklash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Birinchidan, konsensus asosida qabul qilingan Bosh Assambleya rezolyutsiyalari davlatlarning opinio juris shakllanishiga hissa qo‘shuvchi manba sifatida qaraladi. Ikkinchidan, rezolyutsiya politsiya hamkorligini rivojlanish kun tartibi bilan bog‘lash orqali unga institutsional legitimlik beradi. Uchinchidan, u BMT tizimidagi tegishli tuzilmalar uchun yillik hisobot va targ‘ibot mexanizmini yaratadi.

Xalqaro politsiya hamkorligi kuni mavjud, ancha keng qamrovli huquqiy tizim ustiga qurilgan. Ushbu tizimning universal darajadagi asosini, avvalo, 2000-yildagi Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi BMT konvensiyasi (Palermo konvensiyasi) va uning uchta bayonnomasi hamda 2003-yildagi Korrupsiyaga qarshi BMT konvensiyasi tashkil etadi. Ushbu hujjatlar huquqiy yordam ko‘rsatish, ekstraditsiya, jinoiy jarayonlarni bir davlatdan ikkinchisiga o‘tkazish, qo‘shma tergov guruhlarini tuzish va maxsus tergov usullarini qo‘llash bo‘yicha batafsil me’yorlarni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda ushbu tizim raqamli o‘lchov bilan to‘ldirildi. Bosh Assambleya tomonidan 2024-yilning dekabr oyida qabul qilingan Kiberjinoyatchilikka qarshi BMT konvensiyasi 2025-yil 25–26-oktyabr kunlari Xanoyda imzolash uchun ochildi va 2026-yil 31-dekabrgacha BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida imzolash uchun ochiq turadi. Konvensiya qirqinchi ratifikatsiya hujjati saqlash uchun topshirilgan kundan boshlab to‘qsoninchi kunda kuchga kiradi. Hujjat elektron shakldagi dalillarni almashish va operativ hamkorlik masalalarini tartibga soluvchi birinchi universal shartnomadir.

Universal darajadan tashqari, hamkorlik mintaqaviy va ikki tomonlama shartnomalar orqali ham amalga oshiriladi. Bu qatlam huquqiy yordam va ekstraditsiya to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar, ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi idoralararo memorandumlar, shuningdek, mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ixtisoslashgan tuzilmalarni qamrab oladi. Amaliyotda aynan mana shu qatlam kundalik operativ o‘zaro aloqaning asosiy yukini ko‘taradi.

INTERPOL faoliyatining o‘z huquqiy asosi ham alohida e’tiborga loyiq. Tashkilot Nizomining 2-moddasiga ko‘ra, uning maqsadlari turli mamlakatlarda amal qiluvchi qonunlar doirasida va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ruhida amalga oshirilishi lozim. Nizomning 3-moddasi esa siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy tusdagi masalalarga aralashishni qat’iyan taqiqlaydi. Ushbu ikki modda xalqaro politsiya hamkorligining huquqiy chegaralarini belgilovchi asosiy kafolat hisoblanadi.

Politsiya hamkorligining kengayishi muqarrar tarzda inson huquqlari bilan bog‘liq savollarni keltirib chiqaradi. Huquq-tartibot organlari davlatning majburlov vakolatini bevosita amalga oshiruvchi tuzilma bo‘lgani sababli, ularning faoliyati yashash huquqi, qiynoqlarga solinmaslik huquqi, shaxs erkinligi va daxlsizligi, xususiy hayotga hurmat huquqi hamda adolatli sud muhokamasi huquqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu sohadagi asosiy xalqaro standartlar Bosh Assambleyaning 1979-yil 17-dekabrdagi 34/169-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Huquq-tartibot organlari xodimlari uchun xulq-atvor kodeksida hamda 1990-yilda Gavanada bo‘lib o‘tgan BMTning jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha sakkizinchi kongressida ma’qullangan Kuch va o‘qotar qurol qo‘llashning asosiy tamoyillarida mustahkamlangan. Ushbu hujjatlar qonuniylik, zarurat, mutanosiblik va hisobdorlik tamoyillarini politsiya faoliyatining asosiy mezonlari sifatida belgilaydi.

Transchegaraviy hamkorlik sharoitida esa qo‘shimcha xavflar yuzaga keladi. Ular orasida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish rejimining davlatlar o‘rtasidagi farqi, qidiruv tizimlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlar hamda qiynoq yoki shafqatsiz muomala xavfi mavjud davlatga shaxsni topshirish taqiqi — non-refoulement tamoyiliga rioya etish masalasi alohida ajralib turadi. INTERPOL tizimida bu xavflarni yumshatish uchun Fayllar ustidan nazorat qilish komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, u shaxslarga o‘ziga tegishli ma’lumotlardan foydalanish va ularni o‘chirishni talab qilish imkonini beradi.

Shu nuqtayi nazardan, 77/241-rezolyutsiyaning 2030-yilgacha kun tartibiga havola qilishi tasodifiy emas. Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi tinch va inklyuziv jamiyatlarni barpo etish, adolatga teng darajada erishishni ta’minlash hamda samarali, hisobdor va inklyuziv institutlarni yaratishni nazarda tutadi. Politsiya hamkorligi aynan mana shu maqsad doirasida qaralganda, u xavfsizlik vositasidan tashqari huquq ustuvorligini mustahkamlash mexanizmi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Xalqaro politsiya hamkorligi kuni har yili muayyan mavzu ostida o‘tkaziladi. Mavzular BMTning Politsiya faoliyati bo‘yicha idoralararo maxsus guruhi tomonidan belgilanadi. Ushbu guruh 2021-yilda Bosh kotibning Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unga Tinchlik operatsiyalari departamenti va BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi birgalikda raislik qiladi va guruh tarkibiga BMT tizimining o‘n oltita tuzilmasi kiradi.

Mavzular dinamikasi hamkorlik kun tartibining o‘zgarishini aniq ko‘rsatadi. 2024-yilda Kun "Politsiyaning halolligi, hisobdorligi va nazorati" mavzusiga bag‘ishlandi va bunda huquq ustuvorligi, inson huquqlariga asoslangan politsiya faoliyati va jamoatchilik ishonchi masalalari markazga qo‘yildi. 2025-yilda "Politsiya faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt" mavzusi tanlandi va u Kiberjinoyatchilikka qarshi konvensiyaning qabul qilinishi bilan mazmunan bog‘landi. 2026-yilgi mavzu esa "Zaiflikdan himoya qilish: politsiya faoliyatida ishonch va legitimlikni mustahkamlash" deb belgilandi.

2026 yilgi mavzuning tanlanishi alohida e’tiborga loyiq. Bosh kotibning Kunga bag‘ishlangan murojaatida ta’kidlanishicha, ijtimoiy jihatdan chetlashtirilgan guruhlar ko‘pincha ham qonunsizlikning, ham adolatsiz politsiya amaliyotining eng og‘ir oqibatlarini boshdan kechiradi. Nizolar, iqlim o‘zgarishi va tengsizlik dunyo bo‘ylab tobora ko‘proq odamlarni, jumladan, ayollar va bolalarni, keksalarni, migrantlarni, qochqinlarni, mamlakat ichida ko‘chirilgan shaxslarni va nogironligi bo‘lgan shaxslarni zaif holatga solmoqda. Bosh kotib huquqni muhofaza qilish organlari o‘z legitimligini adolatlilik, hisobdorlik va inson huquqlariga hurmat asosida ta’minlashi lozimligini qayd etadi.

O‘zbekiston Respublikasi 1994-yil 28-sentyabrda INTERPOLga a’zo bo‘lgan. Milliy markaziy byuro Ichki ishlar vazirligi tarkibida faoliyat yuritadi va xalqaro qidiruv, ekstraditsiya, hamda operativ axborot almashinuvi masalalari bo‘yicha boshqa davlatlarning milliy markaziy byurolari bilan bevosita aloqada bo‘ladi. So‘nggi yillarda byuro kanallari orqali iqtisodiy va mulkka qarshi jinoyatlar, shuningdek, odam savdosi bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha qator shaxslarning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi ta’minlandi.

Shartnomaviy jihatdan O‘zbekiston Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi BMT konvensiyasi va Korrupsiyaga qarshi BMT konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanadi. Bu esa mamlakatga o‘zaro huquqiy yordam va ekstraditsiya masalalarida universal shartnomaviy asosdan foydalanish imkonini beradi.

Institutsional nuqtayi nazardan Toshkent shahri mintaqaviy hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi joylashgan. Mazkur tuzilmalarning mavjudligi O‘zbekistonga nafaqat hamkorlik ishtirokchisi, balki uning mintaqaviy platformasi sifatida ham harakat qilish imkoniyatini beradi.

Ayni paytda inson huquqlari o‘lchovi milliy darajada ham dolzarbligicha qolmoqda. Bu, xususan, huquq-tartibot organlari xodimlarini inson huquqlari standartlari bo‘yicha uzluksiz o‘qitish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish rejimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, hamda ekstraditsiya to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilishda non-refoulement tamoyilini samarali baholashni ta’minlashni taqozo etadi. Ushbu yo‘nalishlarda milliy inson huquqlari institutlarining monitoring va maslahat funksiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro politsiya hamkorligining rivoji bir qator hal etilmagan masalalarni ko‘ndalang qo‘yadi. Birinchidan, tezkor axborot almashinuvi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish o‘rtasidagi muvozanat masalasi ochiqligicha qolmoqda: operativ zarurat ko‘pincha protsessual kafolatlarga bosim o‘tkazadi. Ikkinchidan, sun’iy intellektga asoslangan tahliliy vositalar, yuzni tanish tizimlari va bashoratli politsiya faoliyati usullari kamsitish hamda avtomatlashtirilgan qaror qabul qilishning shaffofligi bilan bog‘liq yangi xavflarni yuzaga keltirmoqda. Uchinchidan, xalqaro qidiruv mexanizmlaridan siyosiy motivlar bilan foydalanishga urinishlar tizimga bo‘lgan ishonchni susaytiradi va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishni talab etadi. To‘rtinchidan, davlatlarning texnik salohiyati sezilarli darajada tafovutlanadi. Jinoiy tuzilmalar odatda tizimning eng zaif bo‘g‘inidan foydalanadi, shu bois salohiyatni oshirish yo‘nalishidagi texnik yordam xayriya emas, balki umumiy xavfsizlikning zaruriy sharti sifatida qaralishi lozim.

BMT Bosh Assambleyasining 77/241-sonli rezolyutsiyasi ilk qarashda tantanali xarakterdagi hujjat bo‘lib ko‘rinsa-da, uning huquqiy va siyosiy mazmuni ancha kengroqdir. Rezolyutsiya, birinchidan, xalqaro politsiya hamkorligini global xavfsizlik arxitekturasining mustaqil elementi sifatida rasman e’tirof etdi. Ikkinchidan, u ushbu hamkorlikni Barqaror rivojlanish maqsadlari va huquq ustuvorligi kun tartibi bilan bevosita bog‘ladi. Uchinchidan, Kunning yillik mavzulari orqali u xalqaro muhokamani halollik va hisobdorlikdan raqamli texnologiyalar va zaif guruhlarni himoya qilish masalalariga qarab izchil yo‘naltirmoqda.

Shu bilan birga, rezolyutsiyaning amaliy salohiyati uning majburiy kuchi bilan emas, balki davlatlarning uni milliy siyosat va amaliyotga singdirish darajasi bilan belgilanadi. O‘zbekiston uchun bu, avvalo, mavjud institutsional imkoniyatlarni — INTERPOL milliy markaziy byurosi, mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlik va universal konvensiyalar bo‘yicha majburiyatlarni — inson huquqlariga asoslangan politsiya faoliyati standartlari bilan izchil uyg‘unlashtirishni anglatadi. Aynan shunday yondashuvgina xavfsizlik va inson huquqlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish o‘rniga, ularni o‘zaro mustahkamlovchi ikki tamoyil sifatida ko‘rish imkonini beradi.

 

Iqbol ABDUMAJIDOV,

Milliy markazning Inson huquqlari sohasida

xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i

Nashr sanasi 08.09.2026 Ko'rishlar 51
Ulashish