2026-yil 28-29-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda Inson huquqlari boʻyicha V Samarqand forumi boʻlib oʻtdi.
Anʼanaviy xalqaro tadbir “Inson huquqlari boʻyicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlida global sheriklik” mavzusiga bagʻishlandi.
Ikki kunlik Forum nihoyasida “Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi global hamkorlik” nomli yakuniy hujjat qabul qilindi.
Anʼanaviy tarzda har ikki yilda oʻtkazib kelinayotgan ushbu xalqaro Forum qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish va samarali yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va oʻziga xos muloqot maydoniga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yurtimizda ilk bor 2018-yilda oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga oʻziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bagʻishlangan Samarqand forumlarini oʻtkazish yaxshi anʼana tusini oldi”.
Inson huquqlari boʻyicha V Samarqand forumida xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlarning 200 dan ortiq vakili yuzma-yuz va onlayn formatlarda ishtirok etdi. Ushbu ishtirokchilar qatorida 10 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tashkilot, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha 8 ta milliy instituti, inson huquqlari boʻyicha 30 dan ortiq yetakchi milliy va xorijiy ekspert, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari bor.
Forumning birinchi kuni Toshkentda boʻlib oʻtdi. Tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov har ikki yilda anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan ushbu Forum qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish va samarali yechimlarni topish uchun jahon miqyosida kamyob, noyob, qulay va oʻziga xos muloqot maydoniga aylanganini taʼkidladi.
U bugungi kunda insoniyat murakkab va oʻzaro bogʻliq global chaqiriqlarga duch kelayotganini taʼkidladi. Xususan, sunʼiy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavflarni ham keltirib chiqarmoqda.
Shu bois, inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi dasturi aynan shunga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati nomidan Forum ishtirokchilarini yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva qutladi.
“1995-yilda Oʻzbekiston Inson huquqlari toʻgʻrisidagi ikkala xalqaro pakt va Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi paktning Birinchi fakultativ protokoli qoidalarini ratifikatsiya qildi. Oʻshanda bu oʻzining mustaqil yangilanish va taraqqiyot yoʻlini endigina boshlagan mamlakatning qarori edi. Bugun, mustaqilligimizning 35-yilligida, biz sizni inson huquqlari nafaqat tashqi majburiyat, balki ichki eʼtiqodga aylangan mamlakat sifatida kutib olmoqdamiz”, — deb taʼkidladi u.
Senat Raisi, shuningdek, Oʻzbekistonda bundan 30 yil avval Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tashkil etilganini qayd etib, Markaz jamoasini va bugun tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasida mamlakatimiz nomidan vakillik qilayotgan akademik Akmal Saidovni samimiy tabrikladi.
Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi Raisi parlamentlarning roliga alohida toʻxtalib, xalqaro majburiyat milliy parlament orqali oʻtgandagina inson uchun roʻyobga chiqishini taʼkidladi. Parlamentda inson huquqlari qonun kuchiga, byudjet resurslariga, nazorat kafolatiga va xalq ovoziga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov oʻz tabrigida taʼkidlaganidek, “Oʻzbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, shuningdek, uning shaʼni va qadr-qimmatini yuksaltirish masalalari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda markaziy oʻrinni egallab, davlat siyosatining ustuvor maqsadiga aylandi. Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi”.
BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurkning murojaatida Samarqand forumining davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyati oʻrtasidagi muloqot uchun xalqaro maydon sifatidagi ahamiyati qayd etildi.
Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi: “Oʻzbekiston muhim islohotlarni amalga oshirish mumkinligini namoyish etdi. Hozirgi bosqichdagi vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, saqlanib qolayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va erishilgan taraqqiyot barcha tomonidan his qilinishini taʼminlashdir”.
Folker Tyurk Oʻzbekiston va forum ishtirokchilarini alohida Inson huquqlari boʻyicha global alyansda faol ishtirok etishga chaqirdi. Bunda inson huquqlarini amalda ilgari surish maqsadida davlatlar, fuqarolik jamiyati, biznes, yoshlar, akademik hamjamiyat va boshqa manfaatdor tomonlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini taʼkidladi.
BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi rahbari oʻz nutqida Samarqand forumi davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyatini birlashtirgan inson huquqlari masalalari boʻyicha mazmunli muloqot uchun muhim maydonga aylanganini eʼtirof etdi. Dunyoning turli mintaqalarida inson huquqlariga nisbatan davom etayotgan bosim sharoitida bunday maydonchalarning alohida ahamiyatini taʼkidlab, Boshqarma rahbari Forumdan muloqotdan amaliy harakatlarga oʻtish uchun foydalanishga chaqirdi.
Mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi sezilarli yutuqlari qayd etildi. Xususan, siyosiy iroda, mustaqil monitoring hamda davlat, ishchilar, ish beruvchilar, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va fuqarolik jamiyatining hamkorligi natijasida paxtachilik sohasida tizimli majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani ijobiy baholandi. Shuningdek, Oʻzbekistonning fuqarosizlikning oldini olish, gender tenglik va xotin-qizlarni zoʻravonlikdan himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash, BMTning xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi qadamlari alohida qayd etildi.
Xalqaro tavsiyalarni amalga oshirishda milliy institutlar va parlament mexanizmlarining rolini yanada kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi Prezidenti Miryana Spolyarich Forum ishtirokchilariga yoʻllagan qutlovida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazga inson huquqlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro maydon tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Bir tamoyil oʻzgarishsiz qolmoqda: insoniylik eng ogʻir davrlarda ham, shu jumladan urush paytida ham bizning javob harakatlarimiz markazida boʻlishi kerak”, — deya taʼkidlandi Miryana Spolyarichning murojaatida. Xalqaro gumanitar meʼyorlar quruq qoidalar boʻlib qolmasligi, balki eng zaif holatdagi odamlarning haqiqiy himoyasini taʼminlashi zarurligi taʼkidlandi. Xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish esa siyosiy yetakchilik, kuchli milliy institutlar, xalqaro hamkorlik va izchil amaliy harakatlarni talab etadi.
Inson huquqlari, taraqqiyot va salomatlik huquqi uzviy bogʻliq — bu haqda oʻzining Forum ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus toʻxtaldi.
U Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Nizomi qabul qilinganining 80-yilligiga va unda salomatlik inson huquqi sifatida mustahkamlanganiga alohida eʼtibor qaratdi.
JSST Bosh direktori xalqaro majburiyatlardan – markazida inson qadri va tenglik turadigan qonunchilik, davlat siyosati va samarali tizimlar orqali ularni amaliyotga tatbiq etishga oʻtish zarurligini taʼkidladi.
Bunday oʻtish zarurligi haqida oʻzining qutlov soʻzida BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy koordinatori Sabina Mahl ham aytib oʻtdi.
Nutqda fuqarolik makonini, jamoatchilik ishtirokini mustahkamlash hamda qarorlar qabul qilishda fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari roliga muhim urgʻu berildi. Sabina Maxlning soʻzlariga koʻra, inson huquqlari pirovardida mahalliy darajada — xalqaro standartlar tuman kasalxonasi, maktab, sud, ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalla ishida oʻz aksini topgandagina roʻyobga chiqadi.
BMT Doimiy koordinatorining fikricha, “Biz uchun majburiyatlardan amaliyotga oʻtishning haqiqiy maʼnosi shudir: xalqaro standartlardan — milliy qonunlarga; milliy qonunlardan — faoliyat yurituvchi institutlarga; institutlardan — yanada sifatli xizmatlarga; va yanada sifatli xizmatlardan — insonlar hayotidagi daxldor oʻzgarishlarga oʻtishdir”.
Sabina Maxl BMT amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat qonunchilik darajasida qabul qilinishi, balki ularning “hududma-hudud, tumanma-tuman va hamjamiyatma-hamjamiyat” izchil hayotga tatbiq etilishi, bunda tegishli jarayonlarda aholining faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladi.
SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayevning Forum ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida bugungi kunda BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga sodiqlikni saqlash, xalqlarning oʻz taraqqiyot yoʻlini mustaqil belgilash huquqini hurmat qilish, inson huquqlari sohasida teng huquqli muloqot va tajriba almashishni rivojlantirish ayniqsa muhim ekani taʼkidlandi.
“2026-yil 1-sentyabr kuni Bishkek shahrida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 26-majlisi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslarini, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini oshirishga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yondashuvni rivojlantirish maqsadida u «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif qildi. Odamlar farovonligiga qaratilgan bunday eʼtibor joriy Forum mavzusiga hamohangdir», — deya taʼkidladi SHHT Bosh kotibi.
Forumning xalqaro qismida MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning nutqi oʻqib eshittirildi. Unda Samarqand forumi MDH davlatlari oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning amaliy davomi hamda inson huquqlarini himoya qilish, rivojlanish huquqini roʻyobga chiqarish va zamonaviy xavf-xatarlarga javob berish sohasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maydoni ekani taʼkidlandi.
“Xalqaro va mintaqaviy tajribani oʻzida mujassam etgan holda, Forum har bir fuqaroning manfaatlarini soʻzsiz ustuvor deb bilib, shaxs huquqlarini himoya qilish, rivojlanish huquqini roʻyobga chiqarish hamda zamonaviy xavf-xatarlarga samarali javob berish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun nufuzli platforma boʻlib xizmat qilmoqda”, — deb taʼkidladi MDH Bosh kotibi.
Sergey Lebedev Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini 30-yillik yubileyi bilan tabriklar ekan, Markazning uzoq yillik faoliyati inson huquqlarini milliy darajada himoya qilishning xalqaro tamoyillariga sodiqligidan dalolat berishini qayd etdi: “Oʻttiz yil davomida Markaz inson huquqlarini himoya qilish davlat tizimini takomillashtirish, ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish va kasbiy muloqotni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda”.
MDH Bosh kotibi, shuningdek, ishida Hamdoʻstlik davlatlarining inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari vakillari ishtirok etayotgan MDH Inson huquqlari boʻyicha komissiyasining rolini alohida qayd etdi.
Oʻz navbatida, MDH Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonovaning nutqida Komissiya 2023-yil 29-noyabrda oʻz ishini boshlagani va “nisbatan qisqa muddat faoliyat yuritayotganiga qaramay, Komissiya MDH makonida inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat institutlari uchun muhim integratsiya maydoniga aylangani hamda inson huquqlari kabi nozik sohada samarali muloqot oʻrnatish namunasini koʻrsatayotgani” taʼkidlandi.
Komissiya faoliyati doirasida inson huquqlari sohasidagi huquqiy bazani yaqinlashtirish va uygʻunlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari boʻyicha vakil maqomi toʻgʻrisida”gi MDH model qonunining yangi tahriri ishlab chiqildi.
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Maria Telalian oʻz murojaatida inson huquqlarini samarali himoya qilishni taʼminlashda kuchli va mustaqil milliy huquqni himoya qiluvchi muassasalarning ahamiyatini hamda jamiyatning bunday institutlarga boʻlgan ishonchi muhimligini taʼkidladi.
Uning fikricha, “Ishonchni faqat deklaratsiyalar bilan saqlab qolib boʻlmaydi. U odamlar ishonishi mumkin boʻlgan institutlar, huquqlar buzilgan hollardagi hisobdorlik, fuqarolar va davlat organlari oʻrtasidagi muloqot hamda, eng avvalo, inson huquqlari standartlarini odamlarning kundalik hayotida izchil qoʻllash orqali shakllanadi”.
Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarning 60-yilligini eʼtirof etar ekan, Maria Telalian ushbu hujjatlarning qabul qilinishi davlatlar xalqaro hamkorlik — universal standartlarni ishlab chiqish va ularga rioya qilish majburiyatini olish orqali nimalarga erishishi mumkinligiga yaqqol misol boʻlganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Vasip Shahinning qayd etganidek, milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalari davlat organlari, fuqarolik jamiyati, huquq egalari va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida bogʻlovchi vazifani bajarishga qodir. Xususan, Institut BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga doir Fakultativ bayonnomaga muvofiq Milliy preventiv mexanizm vazifasini bajaradi, jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan yoki himoya ostida boʻlgan shaxslar saqlanadigan joylarga borish, sharoitlarni monitoring qilish va tegishli tavsiyalar tayyorlashni amalga oshiradi.
“Inson huquqlarini himoya qilishning barqaror tizimi xalqaro majburiyatlar hamda ularni milliy va mahalliy darajada amalga oshirish oʻrtasidagi mustahkam va doimiy aloqani taʼminlashi zarur”, — deya ishonch bilan taʼkidladi notiq.
Muntazam milliy monitoring qiynoqlarning oldini olishni doimiy va barqaror amaliyotga aylantirish imkonini beradi. Bu haqda oʻzining videomurojaatida BMT Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha kichik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Elina Shteynerte maʼlum qildi.
“Qiynoqlarning samarali oldini olish bir martalik choralarni emas, balki vaziyatga xalqaro eʼtibor susayganidan keyin ham odamlarni himoya qilishni taʼminlaydigan doimiy milliy monitoringni talab qiladi”, — dedi E. Shteynerte.
YXHTning Milliy ozchiliklar ishlari boʻyicha Oliy komissari Kristof Kamp oʻz nutqida Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 40-yilligi doirasida milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilishning ahamiyatini taʼkidladi. U tenglik, inson huquqlarining boʻlinmasligi va inklyuziv rivojlanish oʻrtasidagi bogʻliqlikka alohida eʼtibor qaratib, madaniy va til oʻziga xosligini himoya qilish taʼlim, bandlik, sogʻliqni saqlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirok etishda teng imkoniyatlarni taʼminlash bilan birga kechishi kerakligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyoning tarixan shakllangan tillar, madaniyatlar va hamjamiyatlar xilma-xilligiga ega mintaqa sifatidagi oʻrni, shuningdek, bu boradagi davlatlararo hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi.
Nutqda koʻp tilli va koʻp madaniyatli taʼlim masalasi muhim oʻrin egalladi. Oliy komissar YXHTning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ushbu yoʻnalishdagi koʻp yillik faoliyatini qayd etib, ona tilini davlat tili bilan bir vaqtda oʻrganish imkoniyati turli jamoalar vakillarining ijtimoiy va iqtisodiy hayotda toʻlaqonli ishtirok etishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
“Tenglik bir xillikni anglatmaydi: jamiyat ozchilikni tashkil etuvchi jamoalarni himoya qilgan va jalb etganda kuchliroq boʻladi”, — dedi K.Kamp.
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi oʻz-oʻzidan tarix yaratmoqda. Shunday fikrni XMTning Oʻzbekiston boʻyicha katta koordinatori Yuriy Sterk bildirdi.
“Bu Forumning beshinchi anjumani boʻlib, u inson huquqlari sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikka katta hissa qoʻshadi, eng muhim muammolarni yoritib beradi va bu sohadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda inson huquqlari tizimini milliy, mintaqaviy va global miqyosda rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qiladi”, — dedi Y. Sterk.
Uning taʼkidlashicha, Xalqaro mehnat tashkiloti inson huquqlari bilan mutlaqo bevosita bogʻliq: “Bu gumanitar hamkorlik va inson huquqlari sohasidagi bugungi kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgan eng avvalgi xalqaro tashkilot. U Birinchi jahon urushi tugagandan soʻng darhol ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarga eʼtibor qaratgan holda tashkil etilgan boʻlib, munosib mehnatni himoya qilish tizimini yaratmasdan hamda mehnat qilish huquqini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlarni (bu esa huquqlarning butun bir tizimidir) targʻib qilmasdan turib, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash mumkin emasligini anglagan holda tuzilgan”.
Rivojlanish huquqi insonni, uning qadr-qimmatini, huquqlarini, tanlash imkoniyatlarini va oʻz kelajagini shakllantirishda ishtirok etish qobiliyatini markaziy oʻringa qoʻyishi lozim. Buni YUNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori oʻrinbosari Klaus Bek oʻz nutqida taʼkidladi.
Nutqda demografik barqarorlik konsepsiyasi muhim oʻrin egalladi. U davlatlarning demografik oʻzgarishlarga oʻz vaqtida munosabat bildirish, shu bilan birga inson huquqlarini himoya qilish va aholining turli guruhlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish qobiliyatini nazarda tutadi. “Inson qadr-qimmati taraqqiyotning qoʻshimcha natijasi boʻlmasligi, balki uning maqsadi va mezoni boʻlib qolishi kerak”, — deya taʼkidladi ekspert.
Turkiya Respublikasi Ombudsmani Ertunch Erkan Baltaning fikriga koʻra, xalqaro monitoring va hisobot mexanizmlari doirasida ishlab chiqiladigan xulosa va tavsiyalarning yetarli darajada amalga oshirilmasligi eng jiddiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Shunday ekan, Notiq, shuningdek, aniqlangan muammolar haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish zarurligiga eʼtiborni qaratdi. Uning fikricha, bu davlatlar va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlariga rioya etish masalalariga yanada masʼuliyatli va xolisona yondashishiga xizmat qilishi mumkin.
Dasturga muvofiq, Forumning birinchi kuni Toshkentda 2 ta yalpi majlis va 7 ta parallel sessiya boʻlib oʻtdi, ularda 100 dan ortiq maʼruzachi oflayn va onlayn tarzda soʻzga chiqdi. Samarqanddagi ikkinchi kunning asosiy voqeasi Forumning yakuniy hujjati – “Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi global hamkorlik” nomli yakuniy hujjatni muhokama qilish va qabul qilishga bagʻishlangan yakuniy yalpi majlis boʻldi.
Beshinchi Samarqand forumida bildirilgan fikrlar, qabul qilingan taklif va tavsiyalar, shuningdek, “Samarqand tasavvuri – 2040”ning umumiy maqsad va vazifalari inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Forum ishtirokchilari inson huquqlari sohasidagi “Samarqand ruhi”, yaʼni ochiq muloqot, oʻzaro hurmat, birdamlik, tajriba almashish va umumiy yechimlarni birgalikda izlash ruhi bundan buyon ham inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikka xizmat qilishini taʼkidladilar.
Forum Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, YXHT, Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
