Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari forumi – xalqaro standartlarga sodiqlik timsoli

2026-yil 28-29-sentyabr kunlari poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu an’anaviy xalqaro tadbir «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusida o‘tkazilmoqda.

 

Bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, ularni ishonchli himoya qilish hamda xalqaro standartlarni milliy huquqiy tizimga izchil implementatsiya qilish Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini davlat va jamiyat rivojining markaziga qo‘yish, inson huquqlarini ta’minlashning huquqiy, institutsional va protsessual mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon davlatimizning ichki siyosati bilangina cheklanib qolmasdan, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyati va xalqaro huquqiy tashabbuslarida ham o‘zining mantiqiy davomini topmoqda.

 

Darhaqiqat, zamonaviy globallashgan dunyoda inson huquqlarini ta’minlash vazifasi davlatlarning faqat ichki vakolati doirasidagi masala bo‘libgina qolmay, xalqaro munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylangan. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishi, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, migratsiya, ijtimoiy tengsizlik va boshqa global chaqiriqlar inson huquqlarini himoya qilish sohasida yangi xalqaro huquqiy yechimlarni ishlab chiqishni talab qilmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda. Bunday sharoitda davlatlarning faqat mavjud xalqaro standartlarga rioya qilishigina emas, balki ularni takomillashtirish va yangi huquqiy yondashuvlarni shakllantirishda faol ishtirok etishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda 2018-yildan beri har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan Inson huquqlari forumi inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonning eng yorqin xalqaro tashabbuslaridan biri bo‘lib, inson huquqlarining dolzarb masalalarini davlatlar, BMT tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda ilmiy doiralar ishtirokida muhokama qilishga mo‘ljallangan global muloqot maydonidir.

 

Uning tarixi 2018-yildan boshlanadi. Birinchi forum 2018-yil 22-23-noyabr kunlari Samarqandda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70-yilligi munosabati bilan «Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi» nomi ostida o‘tkazilgan edi. II Samarqand forumi 2020-yilning 12-13-avgust kunlari «Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusida pandemiya sharoitida veb-forum shaklida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, III Samarqand forumi 2022-yil 5-6-dekabr kunlari «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida global forum shaklida tashkil etildi. 2024-yilning 13-14-iyun kunlari Samarqand yana bir bor «Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli, barqaror yechimlarni izlash» mavzusidagi IV xalqaro forumga mezbonlik qildi.

 

Shu kunlarda 28-29-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha V Forum BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga, shuningdek Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligiga bag‘ishlanmoqda.

 

Ma’lumki, 1966-yil 16-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 2200A (XXI)-rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt inson huquqlari sohasida eng asosiy xalqaro hujjatlar hisoblanadi. Ular 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bilan birgalikda «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill» nomi ostida umume’tirof etilgan halqaro hujjatlar to‘plamini tashkil etadi. Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya esa BMT Bosh Assambleyasining 1986-yil 4-dekabrdagi 41/128-son rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan. Ushbu deklaratsiya, ayniqsa, inson huquqlari tizimida rivojlanishni faqat iqtisodiy o‘sish emas, balki insonga yo‘naltirilgan kompleks huquqiy va ijtimoiy jarayon sifatida talqin qilgan muhim xalqaro hujjatdir. Unga ko‘ra, rivojlanish huquqi insonning ajralmas huquqi bo‘lib, har bir inson va barcha xalqlar iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy rivojlanishda ishtirok etish, unga hissa qo‘shish va uning ne’matlaridan foydalanish huquqiga egadir.

 

Mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 126-I-son va 127-I-son qarorlari bilan Paktlarga qo‘shilgan. Qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlar 1995-yil 28-sentyabrda depozitariy sifatida BMT Kotibiyatiga topshirilgan. O‘zbekiston uchun har ikki hujjat 1995-yil 28-dekabrda kuchga kirgan. Uning Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyadagi ishtiroki 1997-yil avgustdan boshlangan.

 

O‘tgan yillar davomida ushbu nufuzli hujjatlarda ifoda etilgan inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga oid xalqaro huquq normalari milliy qonunchiligimizga muvaffaqiyatli implementatsiya qilindi, ularning ijrosini amalda to‘liq ta’minlashga qaratilgan kompleks islohotlar amalga oshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro Paktlar doirasida o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchillik bilan sidqidildan bajarib kelmoqda.

 

Bu galgi Samarqand forumining yuqorida zikr qilingan hujjatlarning yubiley sanalari nishonlanayotgan yilda o‘tkazilishi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga sodiqligini yana bir bor isbotlaydi hamda inson huquqlari bo‘yicha global muloqotni rivojlantirishga tayyor ekanligini ko‘rsatadi.

 

E’tirof etish joizki, inson huquqlari sohasida xalqaro tajriba almashish, muammolarni aniqlash, huquqlari himoyasini ta’minlashda yangi usul va vositalarni ishlab chiqish hamda davlat, xalqaro tashkilot va fuqarolik jamiyati o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishda Samarqand forumining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Har safar uning ishida BMT, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, YEXHT, Yevropa Kengashi, IHT, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar, Osiyo davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha milliy idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira vakillari hamda 200 dan ortiq milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Shu yo‘sinda inson huquqlari sohasida hamkorlik bo‘yicha doimiy muloqot platformasi sifatida «Samarqand an’anasi» yoki «Samarqand ruhi» shakllandi va xalqaro darajada e’tibor qozondi. Istiqbolda Samarqand forumi negizida Osiyo qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini yaratish imkoniyati ham yo‘q emas. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilning 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan taklifi kelajakda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq tizimida inqilobiy o‘zgarish yasashi mumkin. Shu ma’noda, tarixan madaniy rang-baranglik va xilma-xillikni tarannum etuvchi Samarqandda ibtido olgan ushbu forum Osiyo inson huquqlari mintaqaviy tizimini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lib xizmat qiladi.

 

Haydarali Yunusov,Toshkent davlat yuridik universiteti ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

Nashr sanasi 02.10.2026 Ko'rishlar 175
Ulashish