Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Jenevada bo‘lib o‘tgan «Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha global muloqot»da ishtirok etdi

2026-yil-3–4-noyabr-kunlari Jeneva xalqaro konferensiya markazida «Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha global muloqot» bo‘lib o‘tdi. Shveysariya Konfederatsiyasi hamda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) tomonidan tashkil etilgan ushbu Forum ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.

Muloqotni Shveysariya Federal tashqi ishlar departamenti davlat kotibi Aleksandr Fazel va XQXQ prezidenti Miryana Spolyarich Egger olib bordi. Forum xalqaro gumanitar huquqqa bo‘lgan siyosiy sodiqlikni kuchaytirish bo‘yicha Global tashabbusning yakuniy hujjatlari taqdim etilgan asosiy maydonga aylandi. Yetti yo‘nalishni qamrab olgan ushbu hujjatlar 160 dan ortiq davlat ishtirok etgan besh bosqichli maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha tayyorlangan.

Anjumanning birinchi kuni “Global maslahatlashuvlardan global harakatlar sari” mavzusidagi yalpi majlis bilan ochildi. Shundan so‘ng jamiyatda xalqaro gumanitar huquq me’yorlarini qaror toptirish, tinch aholining hayotiy ta’minot tizimlarini himoya qilish hamda yangi texnologiyalarning insonparvarlikka xizmat qilishiga erishish masalalariga bag‘ishlangan uchta parallel davra suhbati o‘tkazildi.

Qizg‘in muhokamalar “Xalqaro gumanitar huquq va tinchlik” mavzusidagi yuqori darajadagi yalpi munozara bilan yakunlandi.

Tadbirning ikkinchi kuni “Tashabbus yakunlarini amaliyotga tatbiq etish masalalari”ga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar davlat ichidagi chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlik va tajriba almashish, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha ixtiyoriy ma’ruzalarni o‘z ichiga olgan ijroni nazorat qilish mexanizmlarini muhokama qildilar.

Muloqot davomida Akmal Saidov yalpi majlislar va mavzuli sessiyalarda ishtirok etib, Tashabbusning yakuniy hujjatlari hamda xalqaro gumanitar huquq normalarini implementatsiya qilish bo‘yicha davlatlarning ilg‘or tajribasi bilan tanishdi.

Global muloqot-2026-yil 7-dekabr kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida bo‘lib o‘tadigan “Urush davrida insonparvarlik” mavzusidagi yuqori darajali konferensiyaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 04.11.2026 Ko'rishlar 97
Ulashish