«O'zbekiston Respublikasida odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Grats tavsiyalari”

2021 yil 26 iyul` kuni Inson huquqlari bo'yichaO'zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari ofisi hamda YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 Davra suhabatidan ko'zlangan maqsad – sohadagi ilg'or tajribalarni o'zaro almashish va mavjud muammolarni tahlil etishdan iborat bo'ldi. Bunday yondashuv O'zbekiston hududida milliy ozchiliklar o'rtasidagi munosabatlarni takomillashtirish orqali odil sudlovdan teng foydalanilishi masalalari bo'yicha tadbir ishtirokchilarining malakasini oshirish hamda bu sohadagi huquqiy asoslar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissariatining Odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Grats tavsiyalari o'zida muayyan ijobiy tajribani mujassam etgan bo'lib, bu tajriba O'zbekiston davlat organlari vakillari uchun qiziqarli ekani tabiiydir. Hujjatda sudga va inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy muassasalarga murojaat qilish bilan bog'liq masalalar o'z aksini topgan.

Grats tavsiyalarida milliy ozchiliklar yoki etnik hamjamiyatlarning odil sudlovdan foydalanishiga doir masalalar bo'yicha, siyosiy talablarni imkon qadar hisobga olgan holda, ishlab chiqilgan amaliy yondashuvlar taqdim etilgan. Mazkur hujjat davlatlarni, milliy ozchiliklarga nisbatan tanglikni kamaytirish hisobiga, odil sudlovdan foydalanilishini ta'minlash siyosatini amalga oshirishga chaqiradi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, agar mamlakatimizdagi barcha etnik guruhlarning odil sudlov tizimiga nisbatan ishonchini saqlab qolish va mustahkamlashni istar ekanmiz, ayniqsa, sud`yalar o'z vazifalarini ado etish asnosida adolatga naqadar amal qilishlarini yaqqol namoyon etishlari zarurligini ta'kidladi. Har birimizning ana shunday alohida sa'y-harakatlarimiz, o'z navbatida, odil sudlov tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirishi mumkin.

Davra suhbatida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor P`er fon Arks ham so'zga chiqdi.

Tadbir ishtirokchilari ta'kidlaganlaridek, Grats tavsiyalarining Toshkentdagi ushbu taqdimoti O'zbekiston davlat organlari vakillari bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissariga etnik hamjamiyatlarning barcha vakillari odil sudlovdan foydalana olishini qay tarzda ta'minlash mumkinligiga doir dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini beradi.

Bu masalalar, jumladan, qonun ustuvorligi, kamsitishga yo'l qo'ymaslik va tenglikni, shu jumladan gender tenglikni ta'minlash printsiplarini, mustaqil odil sudlov organi tomonidan oqilona muddatlarda adolatli ravishda muhokama qilinish huquqi hamda yuridik yordam ko'rsatish huquqini o'z ichiga olgan.

 Anjumanning birinchi sessiyasida xalqaro ekspertlar tomonidan Grats tavsiyalarining asosiy printsiplari to'g'risidagi muhim ma'lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissarining odil sudlovdan foydalanilishini yaxshilash borasidagi tajribasi o'rganildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasi va mintaqadan tashqaridagi hududlarda istiqomat qiladigan milliy ozchiliklar haqida zarur axborotlarga ega bo'ldilar.

Ikkinchi sessiya ishida milliy ekspertlar, xususan, sudlarda milliy ozchiliklar vakillariga daxldor ishlarning ko'rib chiqilishi, sud tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda etnik hamjamiyatlar o'z  vakilliklariga ega bo'lishi kabi masalalarni muhokama qildilar. Sudlarda o'z huquqlaridan foydalanishda hammaga to'liq teng imkoniyatlar yaratilishini rag'batlantirish strategiyasi xususida ham so'z yuritildi.

Davra suhbatida xalqaro ekspertlar, vazirliklar va davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi Delegatsiyasi,  BMTTDning poytaxtimizdagi ofisi vakillari hamda Shvetsiya Qirolligining O'zbekistondagi Elchisi ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech