Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, jumladan, mamlakatdagi demokratik jarayonlar to'g'risida so'z yuritdi.
“Bugun bir fikrni qat'iyat bilan ta'kidlashni zarur, deb bilaman: O'zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi.
Biz mana shu yorug' kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch ko'zi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati – mustaqillik va istiqlol yo'lidan hech qachon qaytmaymiz!
O'z maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk O'zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!”, dedi Prezident.
O'zbekiston Prezidenti, shuningdek mamlakatimizda joriy yilda bo'lib o'tadigan saylovlarning xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz hayotida tutadigan o'rni hamda ahamiyati haqida to'xtaldi.
“Hammamizga yaxshi ma'lumki, oldimizda katta siyosiy voqea turibdi, –dedi davlatimiz rahbari. – Shu yil dekabr` oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi.
Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O'zbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko'tarishda yana bir muhim amaliy qadam bo'ladi.
Bu saylovlar butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi, deb ishonaman.
Bugungi kunda qancha-qancha bilimli, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda.
Ular bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo'l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta'minlash, qobiliyat va iste'dodini ro'yobga chiqarish, hayotda o'z o'rnini topishiga yordam berish, ularga mas'ul lavozimlarni ishonib topshirish bundan buyon ham doimo e'tiborimiz markazida bo'ladi.
Aziz farzandlarimiz el-yurtimizning ana shunday yuksak e'tiboriga munosib bo'lib, o'z salohiyati bilan, milliy g'oyamizga sadoqati bilan O'zbekistonimizni butun dunyoga tarannum etishlariga ishonaman va bu yo'lda ularga baxt va omad tilayman”, dedi Prezidentimiz.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 avgust kuni mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashgandi. Muloqot chog'ida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o'rni va rolini oshirish, shu yil dekabr` oyida milliy parlamentimiz va mahalliy vakillik organlariga bo'ladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlarining borishi to'g'risida, bu boradagi eng muhim va dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi.
Ma'lumki, mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'ygan hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda chuqur demokratik o'zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Harakatlar strategiyasi asosida jamiyatimizda ko'ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda beshta siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat ko'rsatmoqda.
Ushbu siyosiy partiyalarning o'z g'oya va dasturlarini amalga oshirishi, saylovlarda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida faol ishtirok etib, parlament, mahalliy vakillik organlarida o'z fraktsiyalari va partiyaviy guruhlarini shakllantirishi hamda mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Yangi qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.09.2019
- Ko'rishlar: 6783
- Chop etish