BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 19 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeriga uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O'zaro manfaatli masalalar bo'yicha ochiq muloqotga shayligini ma'lum qildi.
Diego Garsiya-Sayan Prezident Shavkat Mirziyoev olib borayotgan siyosat tufayli keyingi yillarda mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash, huquqni qo'llash va odil sudlov tizimini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan demokratik isohotlar samaralariga yuksak baho berdi.
Mehmon parlament quyi palatasi faoliyati haqida so'z yuritdi. Jumladan, Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo'yicha qo'mitaning sudlar mustaqilligini mustahkamlash borasidagi ishlari bilan qiziqdi.
Sudyalarning ish haqini oshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Shu ma'noda, sud`yalarning maqomi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar dasturini qabul qilish tavsiya etildi. “Bunday dastur sud`yalik kasbining jozibadorligini oshirishda muhim o'rin tutishiga aminman”, dedi D. Garsiya-Sayan.
“Mustaqil sud tizimi davlatning samarali faoliyat yuritishi kafolatlaridan biri hisoblanadi, – ta'kidladi BMT Maxsus ma'ruzachisi. – Shu bilan birga, mamlakat sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish uchun muayyan vaqt talab etiladi va bunda parlamentning roli nihoyatda muhim”.
D. Garsiya-Sayan xorijiy investorlar o'z sarmoyalarini O'zbekiston iqtisodiyotiga jalb etishlari uchun keng huquqiy kafolatlar taqozo etilishi mavzusiga ham to'xtaldi. Shu munosabat bilan sud hokimiyatining tom ma'nodagi mustaqilligini ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni tubdan kuchaytirish lozim. Mehmoning fikricha, “Bu boradagi amaliy ishlar dunyo miqyosida O'zbekistonning imiji izchil yuksalib borishiga xizmat qiladi”.
Uchrashuvda ishtirok etgan BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo'yicha xodimi Stefano Sensi mamlakat sud-huquq tizimida shiddatli islohotlar amalga oshirilayotganini yuqori baholadi.
Ayni chog'da, S.Sensi xorijiy mamlakatlarning odil sudlov sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etish borasidagi eng ilg'or tajribalarini amaliyotda qo'llash masalasiga e'tibor qaratdi.
Muloqotlar davomida, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatda nogiron shaxslar uchun qulay muhit va sharoitlar yaratishga qaratilgan Farmon qabul qilingani e'tirof etildi. BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilish, O'zbekiston Respublikasining “Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonuni loyihasini ushbu Konventsiya normalari bilan uyg'unlashtirish tavsiya etildi.
Tomonlar O'zbekistonda ko'rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish va bajarilishi bo'yicha parlament nazoratini ta'minlash borasidagi faoliyati inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligini qayd etdi. Bundan ko'zlangan maqsad, jumladan, odil sudlovning demokratik printsiplarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish ekani ta'kidlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.09.2019
- Ko'rishlar: 5872
- Chop etish