Avval xabar berganimizdek, ertaga Farg‘onada birinchi tinchlik forumi bo‘lib o‘tadi. Bugun vodiy markaziga qirqqa yaqin davlatdan bir necha yuz nafar siyosatchi, xalqaro tashkilot rahbari va vakillari, olimlar, xalqaro ekspertlar yetib keldilar. Ular mintaqada xalqaro birdamlik, hamkorlik va barqaror tinchlikni qaror toptirish masalalarini muhokama qiladilar.
Mazkur nufuzli forum mehmonlari bo‘lgan Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerikadan kelgan ishtirokchilar muloqot, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, tinchlik va taraqqiyotga xizmat qiladigan hamkorlik platformasini yaratishmoqchi.
Shu munosabat bilan bu yil ilk bor “Birdamlik kuni – Intimak kuni” ham nishonlanadi.
Bugun forum ishtirokchilari Rishton tumanidagi mashhur kulolchilik markazlaridan biri – “Mingboshi keramik” muzeyiga tashrif buyurishdi. Mehmonlar Rishton kulolchiligining boy tarixi, yuksak an’analari va milliy uslubda yaratilgan keramika buyumlari bilan yaqindan tanishdilar.
Muzeyda namoyish etilgan turli xil buyumlar – oshxona jihozlari, bezakli asarlar hamda yuksak mahorat bilan yaratilgan keramika mahsulotlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, mehmonlar kulolchilik buyumlarini tayyorlash jarayonini ham qiziqish bilan kuzatdilar.
Forum qatnashchilari Rishton kulolchiligi nafaqat milliy meros, balki O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasini yuksak namoyon etuvchi muhim sohalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA
- Qo'shildi: 15.10.2025
- Ko'rishlar: 111
- Chop etish