Odil sudlov akademiyasida “Xalqaro qiyoslashda uy-joy huquqi va ma’muriy tartib-taomillar” mavzusida gibrid shaklda amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Sudyalar oliy kengashi va Germaniya xalqaro-huquqiy hamkorlik jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda har ikki davlat sud tizimi vakillari, ekspertlar hamda Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Farmon ijrosi doirasida bo‘lib o‘tgan seminarda fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquq va majburiyatlari, ularning huquqiy asoslari, davlat organlari bilan munosabatlar, bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati hamda yuzaga kelgan nizolarning hal etish tartiblari xususida har ikki mamlakat tajribasi haqida so‘z yuritildi.
Xorijiy tajribani o‘rganish, ilg‘or amaliyotlar bilan tanishish va ularni milliy sud amaliyotiga tatbiq etishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta.
Bunday tadbirlar akademiya tinglovchilari uchun xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanish imkonini berishdan tashqari O‘zbekiston sud tizimida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Sanab o‘tilgan omillar, ayniqsa, ilg‘or tajribalar almashinuvi professional sudyalar korpusini shakllantirishning yanada samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va ustuvor vazifalarni belgilashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Seminar yakunida hamkorlik istiqbollari hamda qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama etildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.10.2025
- Ko'rishlar: 369
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский