12 sentyabr` kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qarorgohi Jenevada joylashgan Xalqaro Qizil xoch qo'mitasining (XQXQ) Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha mintaqaviy direktori Martin Shyupp bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Xalqaro Qizil xoch qo'mitasi tomonidan – qarorgohi Jenevada joylashgan XQXQning Yevropa va Markaziy Osiyodagi amaliy faoliyat masalalari bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Nikola Flyori, XQXQning Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Jan-Jerom Kasab`yanka, XQXQning Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi mintaqaga himoya taqdim etish masalalari bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Maks Furrer hamda XQXQning Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi huquqiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Marat Aminov ishtirok etdi.
Uchrashuvdan maqsad Markaz faoliyati bilan tanishish va inson huquqlari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi. Shuningdek, XQXQ delegatsiyalarining O'zbekistondagi penitentsiar muassasalarni borib ko'rishini qaytadan yo'lga qo'yish masalasi muhokama qilindi.
Muloqot avvalida A.Saidov mehmonlarni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining asosiy yo'nalishlari va vazifalari bilan tanishtirdi.
Mamlakat qonunchilik va sud-huquq sohalarida izchil amalga oshirilayotgan tadrijiy islohotlar, shuningdek, O'zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash va unga rioya etish borasidagi siyosatining ustuvor tamoyillari haqida atroflicha axborot berdi.
Martin Shyupp qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, XQXQ O'zbekistonning keyingi yillarda amalga oshirayotgan demokratik yangilanishlarni joriy etish, fuqarolik jamiyati qurish hamda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasidagi shiddatli sa'y-harakatlarini yuksak baholashini ta'kidladi.
Mehmon, shuningdek, XQXQ delegatsiyalari tomonidan O'zbekistondagi penitentsiar muassasalarning borib ko'rilishi amaliyotini yana tiklash masalasiga to'xtaldi.
O'z navbatida, Markaz direktori 2001 yildan – 2013 yilga qadar bo'lgan davrda XQXQ delegatsiyalari tomonidan O'zbekistondagi penitentsiar muassasalar 240 martadan ziyod marta borib ko'rilganiga mehmonning e'tiborini qaratdi.
Martin Shyupp hozirgi vaqtda O'zbekiston Qurolli Kuchlari, xususan, Chegara qo'shinlari, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa vazirlik va tashkilotlar bilan inson huquqlari va gumanitar huquq sohasida yaqin hamkorlik o'rnatilayotganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv amaliy ruhda o'tdi. Mulqot yakunida mehmonlarga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.09.2019
- Ko'rishlar: 5811
- Chop etish