O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami tantanalari aynan shu bosh g'oyani o'zida mujassam etgan. Bu bejiz emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 8 iyulda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarorida ta'kidlanganidek, “Mamlakatimiz tarixida o'chmas sahifa ochgan buyuk istiqlol tufayli O'zbekiston o'tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda”.
Haqiqatan ham, bugungi kunda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta'minlash, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning xalqaro maydondagi obro'-e'tiborini yuksaltirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay o'zgardi.
Eng muhimi, ana shu ijobiy o'zgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida o'z ifodasini topmoqda. Aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, tadbirkorlik va xususiy mulk rivojiga keng imkoniyat ochib berish, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatishga qaratilgan dasturlar samaralari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e'tirof etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bu haqda fikr yuritganda, xususan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasidagi tub islohotlarning ma'no-mazmuni va ahamiyatini alohida ta'kidlash lozim.
Shu ma'noda, keyingi uch yil O'zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etgan keng ko'lamli o'zgarishlar davri bo'ldi.
Qisqa davrda Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida 100 ga yaqin qonun qabul qilindi, Prezidentimizning 2 mingdan ziyod farmon va qarorlari, shuningdek, hukumat qarorlari va “Yo'l xaritalari” imzolandi. Eng yaxshi amaliyotlar, ilg'or tajriba va takliflar milliy huquqiy tizimni takomillashtirish imkonini bermoqda.
O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalar ham Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar bilan bevosita bog'liq ekanini alohida ta'kidlash lozim. Bu, o'z navbatida, mamlakatda chuqur demokratik islohotlarning boshlanishiga olib keldi.
Xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish maqsadida parlament tomonidan 2019 yili birinchi marta O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi tasdiqlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu Kodeks zamonaviy talablarga va demokratik saylovlarni o'tkazish bo'yicha xalqaro amaliyotga javob beradi. Binobarin, uni tayyorlashda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi Ijroiya ko'mitasi kabi xalqaro tashkilotlardan xulosa va fikrlar olingan.
Ma'lumki, mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini tartibga solishni takomillashtirish, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish asosida fuqarolar farovonligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Birinchidan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifa tasdiqlandi. Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” qabul qilindi, Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlardan foydalanish uchun yetarli uy-joyga ega bo'lish huquqi juda muhim ahamiyatga ega. Shu ma'noda, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarining qabul qilinishi zamirida yurtimiz qishloqlari va mahallalariga zamonaviy qiyofa berish, shuningdek, yangi ish o'rinlari yaratish uchun aholining turmush sharoitini bosqichma-bosqich yaxshilash, turmush tarzi va turmush darajasida ijobiy o'zgarishlarga erishishdek ezgu intilishlar mujassam.
Ikkinchidan, yurtimiz bolalar huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga barham berish borasida sezilarli darajada rivojlanishga erishdi. O'zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining konventsiyalari doirasida o'z xalqaro majburiyatlarini bajarishi, jumladan, 2017-2020 yillarda O'zbekistonda munosib mehnat bo'yicha Davlat dasturining amalga oshirilishi xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholandi.
Mamlakatda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Bu o'rinda O'zbekiston Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini alohida ta'kidlash lozim.
Avvalo, mazkur qaror yurtimizda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi keng nishonlanayotgan davrda tasdiqlandi. Yanada muhimi, davlatimiz rahbari imzolagan bu hujjat O'zbekiston aholisining 40 foizini tashkil etuvchi 12 million 200 ming nafar bola uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Shu paytgacha yurtimizda bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha ixtisoslashtirilgan institut mavjud emasdi. Shu ma'noda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma'qullangani nihoyatda muhimdir.
Uchinchidan, 2019 yil 2 avgust kuni davlatimiz rahbari “Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to'g'risida”gi qarorga imzo chekdi. Bu bejiz emas. Zero, mustaqillik, ozodlik, erkinlik, hurriyat degan egizak kalomlar bilan inson huquqlari tushunchasi o'zaro chambarchas bog'liqdir.
Siyosiy hayotimizda va jahon hamjamiyati oldida juda katta ahamiyatga ega bo'lgan ushbu tarixiy qadam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli, ayni chog'da, izchil va davomli islohotlarning yana bir yaqqol samarasidir. Chunki inson huquqlarini ta'minlash degani bu ma'lum masofadan so'ng harakat to'xtaydigan oxirgi bekat emas, balki uzviy davom etadigan jarayondir.
Ushbu qarorning qabul qilinishidan ko'zlangan maqsad 2017—2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro maydonda ijobiy mavqeini ilgari surishdir.
Bunga qadar o'tgan yili ham mamlakatda ikkita qamoqxona yopilgan. Ana shunday insonparvar siyosat tufayli o'tgan qisqa davrda mamlakatda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi. Bugungi kunda O'zbekistonda har 100 ming aholiga 94 nafar mahbus to'g'ri keladi.
To'rtinchidan, 2019 yil 30 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat, bir tomondan, Harakatlar strategiyasidagi ustuvor vazifalarni to'liq bajarish, ikkinchi tomondan, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olg'a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta'sirchan tizimini yaratish uchun xizmat qiladi.
Sodda qilib aytganda, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ham kechagi uslub, qotib qolgan qarashlardan voz kechish fursati allaqachon yetgan. Qachonki, joylarda har bir katta-kichik rahbar bu masalada ham yangicha fikrlab, bugungi islohotlar talabiga mos ish olib borsa, shunda odam savdosi va majburiy mehnatni bartaraf etish bo'yicha ishlarimiz samaradorligi yuqori bo'ladi.
Beshinchidan, sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e'tibor qaratilishi natijasida sudlar mustaqilligi va odil sudlovga bo'lgan huquqni himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo'yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, ayblov dalili sifatida noqonuniy usullar bilan olingan ma'lumotlardan foydalanish uchun qat'iy javobgarlik belgilandi. Jinoyat kodeksining qiynoqlarga doir 235-moddasi BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasining 1-moddasiga moslashtirildi.
Joylarda sud`yalik lavozimiga nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlarini o'rganish uchun jamoatchilik komissiyalari tashkil etildi.
Sudlarda ishlarni ko'rishning adolatliligi, ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida ishlarni elektron taqsimlash tizimi joriy etildi.
Oltinchidan, mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo'yicha qonunchilik doirasida, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
AQShning “Open Democracy” elektron portalida O'zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish borasida kechayotgan ijobiy o'zgarishlar haqida maqola chop etildi. Tahlilchi Darina Solod Shavkat Mirziyoev Prezident lavozimiga saylangandan so'ng mamlakatda bu yo'nalishda keng ko'lamli chora-tadbirlar boshlangani, jumladan, qator qonun va qarorlar qabul qilinganini yozadi.
Yettinchidan, O'zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma'naviy merosini har tomonlama o'rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish maqsadida keyingi davrda davlatimiz rahbari bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslarning zamirida “Jaholatga qarshi – ma'rifat” shiori o'z mujassamini topgan.
O'zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikda kafolatlangan vijdon va e'tiqod erkinligi barcha fuqarolarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur sharoitlarni yaratdi. O'zbekistonda davlat siyosatining eng muhim yo'nalishlaridan biri – bag'rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy o'zaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdir.
Xorij matbuotida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga berilayotgan xolisona baholar ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Xitoyda chop etiladigan “South China Morning Post” gazetasining e'tirof etishicha, “Prezident Shavkat Mirziyoev o'tmishda yo'l qo'yilgan xatolarni bartaraf etib, ko'plab tanqid¬larga uchragan taqiqlarni bekor qildi, inson huquqlari va erkinliklariga doir qator amaliy chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etayotir. Ayniqsa, respublikaning xalqaro maydondagi imi¬ji tubdan o'zgarib, uning qo'shni davlatlar bilan aloqalari yaxshilandi. Natijada iqtisodiy modernizatsiya va liberalizatsiya jarayonlari izchil kechgani holda, mamlakatga xorijiy sarmoya¬lar oqimida “portlash effekti” yuz berdi”.
Davlatimiz rahbari tomonidan taqdim ¬etilgan va mamlakatimiz bo'ylab keng yoyilgan “Besh muhim tashabbus”ning mazmun-mohiyatida mustaqilligimizni mus¬tahkamlashning poydevori o'z yorqin ifodasini topgan. Zero, mamlakatimizning kelajakda qanday qud¬ratga ¬ega bo'lishi, avvalo, yoshlarga berilayotgan ta'lim sifatiga va tarbiyaning nechog'lik oqilona ekaniga bog'liq.
Bugun mamlakat hayotining qaysi sohasini olib qaramaylik, har bir jabhada yangicha yondashuv, ilg'or munosabatlar va chinakam tashabbuskorlikni ko'ramiz. Binobarin, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalar Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar bilan bevosita bog'liq. Eng muhimi, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan bugungi sa'y-harakatlar xalqimizning bugungi hayotidan rozi, ertangi kunidan ko'ngli to'q bo'lishiga qaratilgan.
Akmal Saidov
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 31.08.2019
- Ko'rishlar: 9001
- Chop etish