Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Ishonch inqirozi va ayollar yetakchiligi: Saida Mirziyoyeva Abu-Dabidagi global forumda nutq so‘zladi

Bugun BAA poytaxtida Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» xalqaro mukofoti taqdirlash marosimi doirasida o‘tkaziladigan yuqori darajadagi global forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

«Insoniy birodarlik majlisi» deb nomlangan ushbu yirik anjumanda xorijiy mamlakatlarning Birinchi xonimlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari va yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BAA va Ko‘rfaz davlatlarining yuksak martabali siyosatchilari, vazirlar va davlat arboblari, shuningdek, texnologiya va sun’iy intellekt etikasi sohasidagi yetakchi olimlardan iborat 150 nafar nufuzli mehmon ishtirok etdi.

 

Ahamiyatli tomoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Forumning «Ayollar yetakchiligi insoniy birodarlik markazida» mavzusidagi 1-sessiyasida nutq so‘zladi.

 

Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida ayollar yetakchiligi va ta’lim huquqini inson qadrining asosiy mezoni sifatida himoya qilish g‘oyasini ilgari surdi. Ma’ruzada O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatli islohotlari misolida, ayollarni ijtimoiy himoya qilish nafaqat milliy yuksalishga, balki butun mintaqada tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi ochib berildi.

 

«O‘zaro hurmat bilan yo‘g‘rilmagan rivojlanish uzoqqa cho‘zilmaydi. Kuchli jamiyatlar nafaqat qonunlarga, balki insonlar orasidagi o‘zaro ishonchga ham asoslanadi, ishonch esa ko‘pincha ayollar o‘rtasidagi munosabatlar va yetakchilik orqali mustahkamlanadi», — dedi Saida Mirziyoyeva.

 

Rasmiy axborot

Nashr sanasi 04.02.2026 Ko'rishlar 2 212
Ulashish