Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Akademik litsey o‘quvchilari BMTning Jenevadagi qarorgohida bo‘ldi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchilari uchun tashkil etilgan o‘quv dasturi doirasidagi xalqaro tashriflar davom etmoqda. Dasturning ilk manzili Shveysariyaning Jeneva shahri bo‘lib, unda yoshlar dunyoning eng nufuzli xalqaro tashkilotlaridan biri – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropadagi shtab-kvartirasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Tashrif davomida o‘quvchilar BMTning Jenevadagi faoliyati, uning asosiy vazifalari hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot oldi. Ularga tashkilotning tarixi, tuzilmasi, inson huquqlarini himoya qilish, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish hamda gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so‘zlab berildi.

image

Shuningdek, delegatsiya a’zolari BMTning tarixiy majlis zallari, konferensiya xonalari va muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Tashrif chog‘ida o‘quvchilar xalqaro diplomatiya, ko‘p tomonlama muzokaralar jarayoni hamda BMT tizimining zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

image

Mazkur tashrif yoshlarning xalqaro munosabatlar, diplomatiya va global boshqaruv tizimi haqidagi bilimlarini yanada mustahkamlash, ularning xalqaro maydonda kechayotgan zamonaviy jarayonlarga qiziqishini oshirishga xizmat qildi.

image

Dasturning keyingi bosqichida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchilari Germaniyaning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, ularning ta’lim tizimi, ilmiy salohiyati va akademik faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan.

Nilufar Bozorova, O‘zA

Nashr sanasi 29.07.2026 Ko'rishlar 69
Ulashish