BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 19 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi B.Mirboboev bilan uchrashdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Konstitutsiyaviy sudlar huquqiy masalalarni hal qilish borasida katta ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning so'zlariga qaraganda, “Bugungi kunda inson huquqlarini himoya qilish tizimida Konstitutsiyaviy sud muhim o'rin tutadigan mamlakatlar soni ko'payib bormoqda”.
Diego Garsiya-Sayan, shuningdek, “Xabeas korpus” tartib-taomillarini qo'llash borasida mavjud mexanizmlar bilan qiziqdi. Aksariyat mamlakatlarda “Xabeas korpus” tartib-taomillari doirasida oddiy fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanini ta'kidladi.
Binobarin, “fuqarolarga ushbu sudga murojaat qilish huquqi berilishi juda muhim”, dedi BMT Maxsus ma'ruzachisi. Shu nuqtai nazardan, “Konstitutsiyaviy sud to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 25-moddasiga tegishli tuzatish kiritilishi maqsadga muvofiq ekaniga e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda milliy qonunchilikni xalqaro shartnomalarga yanada muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. D.Garsiya-Sayanning fikricha, bu jarayon xalqaro-huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish amaliyoti bilan birgalikda amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.
BMT Maxsus ma'ruzachisi milliy qonunchilikning xalqaro huquk normalari ustunligi belgilangan qoidalarini aniqlashtirishni tavsiya etdi. Bunda dunyoning aksariyat mamlakatlari qonunchiligida xalqaro huquqning milliy huquqdan ustuvorligiga doir qat'iy normalar o'z aksini topgani bilan bog'liq ilg'or tajribaga tayanish lozim.
O'z navbatida, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo'yicha xodimi Stefano Sensi O'zbekistonda Konstitutsiyaviy sud sud`yalarini saylash tartib-taomillari bilan qiziqdi. “Prezident ko'rsatilgan nomzodlarning sud`yalikka saylanishini asosli ravishda rad etish vakolatiga ega ekani diqqatga loyiq”, dedi S. Sensi.
Muloqotlar davomida mamlakatda davlat hokimiyati tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi printsipiga asoslangani hamda davlat hokimiyatining ushbu tarmoqlari o'rtasida zarur muvozanat va tiyib turish tizimi mavjudligi ijobiy baholandi. Bunda davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta'minlash nihoyatda muhimdir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.09.2019
- Ko'rishlar: 5769
- Chop etish