Erkin ilmiy ijodkorlik tamoyili qonunda mustahkamlanadi

Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi ishchi guruhi yig'ilishida Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 iyul` kuni qabul qilingan
“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonun muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar bermoqda.

Milliy iqtisodiyot samaradorligining asosini tabiiy va mehnat resurslari qatorida mamlakatning ilmiy-texnikaviy salohiyati ham tashkil etadi. Jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarilayotgani ilmiy faoliyatning ahamiyatini yanada oshirdi.

Oliy ta'lim muassasalarida 26 476 nafar professor va o'qituvchi faoliyat yuritmoqda, ularning 9 636 nafari ilmiy darajalarga ega. 2018-2019 yillarda 1 382 nafar tadqiqotchi dissertatsiya himoya qilgan. Biroq sohada mavjud kamchilik va muammolar, avvalo, uning qonunchilik negizini yangilash va mustahkamlashni taqozo etmoqda.  

“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonun bu yo'nalishda qo'yiladigan muhim qadam bo'lishi lozim.

Hujjatda sohadagi
faoliyatning:

- ilmiy ijod va axborot erkinligi;

- samaradorlik, manfaatdorlik va rag'batlantirish;

- xolis ilmiy ekspertiza;

- inson hayoti va salomatligiga zarar yetkazmaslik kabi asosiy tamoyillar mustahkamlab qo'yilmoqda.

Sohaning asosiy yo'nalishlari qatorida ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi va samaradorligiga erishish, uning ustuvor yo'nalishlarini belgilash va resurslarni maqsadli yo'naltirish, davlat ilmiy dasturlarini ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qo'llab-quvvatlash kabi maqsadlar qayd etilmoqda.

Qonunda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo'llab-quvvatlash, ilm-fanga intilish va uning jozibadorlik muhitini shakllantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, yosh iste'dod egalarini tayyorlab borish kabi yo'nalishlarga ham urg'u berilmoqda.

Manba: kun.uz

Powered by GSpeech