Bekobod shahri yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrif buyurib, O‘zbekiston metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, mamlakatimizda qora metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Bekobod shahriga elektropoyezdda keldi.

Prezidentimizning 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda transport infratuzilmasi yangilanib, mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda. Natijada aholi uchun qulay va sifatli transport xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bekobod vokzalida Prezidentimizga poytaxt va mazkur shaharni bog‘lovchi yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.
192 kilometrlik “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan. Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud.
Tezkor elektropoyezdning qatnovga qo‘yilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yo‘llarga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijiy hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kon-metallurgiya sohasini yangi texnologik bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan o‘n yilda sohaga qariyb 2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalarning soni 150 tadan oshdi.
Shu davrda mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarishning yillik hajmi 3 million tonnaga, qiymati esa 23 trillion so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun 2016-yilda 1,5 trillion so‘mlik 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan.

Ilgari asosan qurilish sohasi uchun metall prokat yetkazib bergan tarmoq bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika kabi tez rivojlanayotgan yo‘nalishlar uchun 80 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Prezidentimiz metallurglar mehnati Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratish, yirik bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilga borib, 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 27 milliard dollarlik ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish rejalashtirilgan.
Bunday ulkan marralar metall mahsulotlariga bo‘lgan talabni hozirgiga nisbatan 1,5 barobar oshiradi.
Shu ma’noda, 5,5 ming nafardan ziyod ahil va fidoyi mehnat jamoasiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatining alohida o‘rni borligi qayd etildi.
Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi kombinatda energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va mahsulot sifatini oshirishda yangi davrni boshlab beradi.
Mazkur majmua mamlakatimizda issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi loyiha sifatida tarixdan joy oladi.
Uning ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi. Shuningdek, 1 ming 200 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari majmuani barpo etishda ishtirok etgan quruvchi va muhandislar, texnolog va mashinistlar, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston metallurgiya kombinatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham belgilab berildi.
Kombinatning xomashyoga bo‘lgan talabini mahalliy resurslar hisobidan ta’minlash eng ustuvor vazifa bo‘lishi ta’kidlandi. Mamlakatimiz hududlarida 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjud.
Yaqin uch-to‘rt yilda “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“Surun-ota” konidagi ma’danlarni boyitish natijasida esa yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi olish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xomashyoni qayta ishlash uchun kombinatda qiymati 180 million dollarlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.
Kelgusi uch yilda 30 million dollar investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi.
Joriy yilning o‘zida mazkur sanoat parkida katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 70 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha boshlanadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida yana 660 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz metallurgiya og‘ir, ammo sharafli soha ekanini ta’kidlab, kombinat ishchi-xodimlarining mashaqqatli va fidoyi mehnati yuksak hurmat hamda tahsinga sazovorligini qayd etdi.
Salkam bir asrlik tarixga ega kombinatda ustoz-shogird an’anasi asosida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilimi, tajribasi va kasbiy salohiyati ko‘plab mehnat jamoalari uchun chinakam namuna ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga start berdi.
Soha faxriylari, kombinat xodimlari hamda xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinati Quyuv-prokatlash majmuasining yagona boshqaruv pulti orqali metalni prokatlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Keyingi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada kombinatning sof foydasi 2017-yildagi 14 million dollardan 2025-yilga kelib, 23 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 29-avgust kuni Bekobodga tashrifi chog‘ida Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi loyihasiga tamal toshini qo‘ygan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 839 million dollarni tashkil etadi. 18 gektar maydonda barpo etilgan mazkur strategik ahamiyatga ega majmua mamlakatimizda metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Bu yerda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 million tonna o‘ramli po‘lat list prokati ishlab chiqarish va kombinatdagi jami ish o‘rinlarini 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Majmuada Italiyaning “Danieli” kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz po‘lat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona boshqaruv pulti orqali boshqarilmoqda.

Avvalgi texnologiyalarda 4-5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 nafar xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali jarayonni atigi 3 nafar mutaxassis nazorat qilyapti.
Prezidentimiz yagona boshqaruv tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etib, majmuaning barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
Uskunalarning xavfsizligi va tezkorligi bo‘yicha mazkur majmua Markaziy Osiyoda o‘ziga xos va muqobili yo‘q loyiha hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30-40 daqiqa o‘rniga atigi 5-7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgan.
Prezidentimiz list prokatidan tayyorlangan mahsulotlarning namunalarini ham ko‘zdan kechirdi.
Mutasaddilarining axborotlari ham tinglandi. Xususan, issiq prokatlangan list mahsulotlari qo‘shilgan qiymat zanjiri, respublikada ishlab chiqarishni o‘zlashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar xususida axborot berildi.
Qurilishda armatura mahsulotining muomalasini tartibga solish, qurilish ob’ektlarida qora metall prokatining qo‘llanilishi ustidan nazorat va seysmik xavfni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar tushuntirildi.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinatida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi jami 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyolardan biri ekanini ta’kidladi.
Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazib, yalpi ichki mahsulotni 2030-yilda 240 milliard dollarga yetkazish uchun yiliga kamida 8-9 foizli o‘sishni ta’minlash zarur. Mazkur jarayonda metallurgiya sanoati barqaror xomashyo bazasi, raqobatbardosh mahsulot va zamonaviy texnologiyalarga tayanishi shart.
Shu bilan birga, sohada importga bog‘liqlik, tannarx va energiya sarfining yuqoriligi, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha natijalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Jahondagi ziddiyatlar va asosiy transport yo‘laklaridagi logistika muammolari sharoitida ayni masalalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetdi. Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, To‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘ziga 2,5 million tonnaga yaqin po‘lat list va armatura kerak bo‘ladi.
Kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Buning natijasida metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030-yilgacha 1,5 barobar ko‘payib, 8 million tonnadan oshadi.
Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metaldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.
Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Sohada sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta’minlash, ta’sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun Hukumatda alohida Loyiha ofisi tashkil etiladi. 1-avgustdan “Ye-lom” elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.
Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Shuningdek, “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratilishi, Tojikiston metallurgiya kombinatidan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini olib kelish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirishni tezlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yirik xususiy korxonalar geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlanib, buning uchun ularga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini ta’kidladi. Mutasaddilarga istiqbolli maydonlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.
Yig‘ilishda metall mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.
Mutasaddilarga choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar to‘plamini tayyorlash topshirildi.
Bekobod metallurgiya kombinatidagi 90 gektar maydonda tayyor infratuzilmaga ega “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi. U yerda qora metallar bo‘yicha R&D markazi va xalqaro sertifikat beradigan zamonaviy laboratoriya ishga tushiriladi.
Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryodagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida jami 100 million dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu hududlarda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish va yangi mahsulotlarni mahalliylashtirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sun’iy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha natijalar borligi qayd etildi.
Metallurgiya korxonalarida sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, tannarxni 10 foiz, energiya sarfini 15 foiz, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Metallurgiya sanoatiga “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi. Shuningdek, sohaga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining ilmiy markazlari, O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining “O‘zbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq davlat texnika instituti hamda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi.
Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi. Har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqiladi.
Yangi o‘quv yilidan Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini ta’kidlab, qora metallurgiyada xomashyo bazasini kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish, raqamlashtirish va sun’iy intellektni keng joriy etish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirishni asosiy vazifalar sifatida belgilab berdi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida “Xos yoz” kanali bo‘yi va Do‘stlik mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.

Bir paytlar e’tibordan chetda qolgan, qarovsiz va tartibsiz bo‘lgan “Xos yoz” kanalining bo‘yi bugun shaharning eng go‘zal go‘shasiga aylandi. Endilikda mahallalar yaqinida barcha qulayliklarga ega zamonaviy ekologik makon paydo bo‘ldi.
Hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda maxsus piyodalar yo‘lagi va 5,4 kilometrlik mustahkam to‘siqlar qurildi, 2 ta ko‘prik qad rostladi. Shuningdek, loyiha natijasida sohil bo‘yida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ekti tashkil etilib, 167 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari bu yerda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

Do‘stlik mahallasi hududi hozir 28 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 33 ta ko‘p qavatli uy, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona mavjud.
Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti va 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etildi. Natijada 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan “Vatanparvar bog‘i” ham barpo qilindi. Unda harbiy-texnika namunalari o‘rnatilib, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurildi.
“Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan mahalla hududida Bekobod shahri muzeyi tashkil etildi. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylarining dam olishi, uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun yog‘och konstruksiyali yozgi shiypon qad rostladi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qildi.
– Barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz, barpo etilayotgan ob’ektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar o‘z mahallasida, shahrida kechayotgan o‘zgarishlarni his qilishi, ularning samarasini kundalik hayotida ko‘rishi kerak.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi zarur. Bekobod shahri ham o‘zining mehnatkash va fidoyi aholisi, iqtidorli yoshlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi kerak.
Biz yoshlarimizning orzu intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz, – dedi Prezidentimiz.
Shu bilan Prezidentimizning Bekobodga safari yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Abdulaziz MUSAEV,
O‘zA maxsus muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский