17-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo vakolatxonasi vakili vazifasini bajaruvchi D.Lipkanu o‘rtasida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda D.Lipkanu Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga faol va samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, 2024-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma ish rejasi doirasida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlarning muhimligini ta’kidladi. Binobarin, bu tadbirlar nafaqat Toshkent shahri, balki mamlakatimiz viloyatlarini ham qamrab olgani qochqinlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi dolzarb muammolarni yanada samarali hal etishga xizmat qilmoqda.
BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi vakili mamlakatimizning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish borasida erishgan muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni har yili muntazam kamayib borayotgan yagona davlat bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu ijobiy voqelik mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini ko‘rsatadi.
Muloqot ishchan ruhda o‘tdi. Bu, shubhasiz, tomonlar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochqinlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi umumiy maqsadlar ijobatidan manfaatdorligining amaldagi yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma ish rejasini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi ning
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.09.2024
- Ko'rishlar: 894
- Chop etish