Moskva shahrida BRIKSga a’zo mamlakatlarning IX yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti) binosida 19-sentyabr kuni boshlangan bu galgi an’anaviy tadbir “Adolatli dunyoni qo‘riqlovchi qonun” mavzusiga bag‘ishlangan.
Ushbu xalqaro anjuman doirasida birinchi marta “Ko‘p qutbli dunyoda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish” mavzusida yalpi sessiya tashkil etildi, deyiladi Rossiya Ombudsmani sayti xabarida. Sessiyaga Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova moderatorlik qildi.
T.Moskalkova o‘z kirish so‘zida BRIKSga a’zo mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari turli maqomlarga egaligi, ular faoliyatining huquqiy asoslari, vakolatlari va ishlash mexanizmlari haqida atroflicha fikr yuritdi. Ayniqsa, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tomonidan to‘plangan katta amaliy tajribani o‘rganish va o‘zaro almashish ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. O‘zbekiston vakili xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zaruratidan kelib chiqib bir qator aniq takliflar kiritdi. Xususan, BRIKSga a’zo davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Sessiyada videoaloqa orqali Braziliya, Janubiy Afrika, Efiopiya, Eron va Rossiyaning Ombudsmanlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari, shuningdek, BRIKSga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan Turkiya Respublikasi Ombudsmani ishtirok etdi. Tadbirda Rossiyaning federal davlat organlari vakillari, MGIMO tadqiqotchilari, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili huzuridagi Ekspertlar kengashi a’zolari, Rossiyaning ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, mintaqaviy davlat organlari vakillari ham qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 915
- Chop etish