18-19-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotlar Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Andijon viloyati prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hamda jazoni ijro etish muassasalari xodimlaridan 50 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ishtirokchilarni videomurojaat orqali qutladi.
Ushbu o‘quv kursi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
O‘quv kursi dasturiga muvofiq “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Farhod Hayitboyev, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishini oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi” mavzusida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzusida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Hamrayev, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirov, mazkur Akademiya Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjan Matchanov taqdimot va interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ikki kun davomidagi mashg‘ulotlarda ishtirokchilarning nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Tadbir yakunida barcha tinglovchilar test sinovlaridan o‘tib, sertifikatlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekistonda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini kafolatlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari ayni uzluksiz jarayonning muhim qismi bo‘lib, kelgusida ham bu boradagi tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 951
- Chop etish