21-sentyabr kuni Namangan davlat universiteti (NamDU) va Namangan davlat pedagogika instituti (NamDPI) talabalariga “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish sifati yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Milliy markaz bu borada O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida ish olib bormoqda.
Monitoringning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish hamda ta’lim muassasalarida inson huquqlari bo‘yicha bilimlarning yanada samarali o‘qitilishini ta’minlashdan iboratdir. Bunda, shuningdek, fuqarolarning inson huquqlarini ongli ravishda hurmat qilishga erishish ko‘zlangan.
Monitoring o‘tkazish uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh NamDU va NamDPIda ta’lim jarayonlarini kuzatib, darslar jarayonini chuqur tahlil qildi. Shu asnoda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish maqsadida mas’ul shaxslarga tegishli tavsiyalar berildi.
Monitoring davomida o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jarayonlari yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi. Natijalar tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar Namangan viloyatidagi barcha ta’lim muassasalariga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.09.2024
- Ko'rishlar: 826
- Chop etish