Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida o‘tkazildi.
O‘quv kurslari tinglovchilari viloyat prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat bo‘ldi.
Akademiya mutaxassislari tinglovchilarni qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standarlar bilan atroflicha tanishtirib o‘tdilar. Qiynoqlarning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar mohiyati atroflicha tushuntirilib, sohada qator yangi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan muhim ma’lumotlar berildi.
Milliy qonunchilikda qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi hisoblangan muomala hamda jazo turlarini qo‘llashni taqiqlovchi normalar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi umume’tirof etilgan prinsip va qoidalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Ma’ruzalarga uyg‘un ravishda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. O‘quv kurslari yakunida tinglovchilarga sertifikatlar berildi.
O'zbekiston Respublikasi
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
- Qo'shildi: 25.09.2024
- Ko'rishlar: 1060
- Chop etish