Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari R.M.Kastijio o‘rtasidagi uchrashuvda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot shu yil 23-sentyabr kuni Milliy markazda bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida bolalar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari va bu boradagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mamlakatimizda bolalarning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida kelgusida sohadagi islohotlarni izchil davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar. Xususan, A.Saidov O‘zbekistonning bolalar huquqlarini Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan darajada qat’iy himoya qilishga sodiqligini ta’kidladi.
Uchrashuvda “Voyaga yetmagan huquqbuzarlar uchun jazo turlarini almashtirish va ozodlikdan mahrum qilish jazosiga muqobil choralarni qo‘llash” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilning 18-noyabr kuniga belgilangan ushbu forumda YuNISEFning bolalar odil sudlovi bo‘yicha xalqaro eksperti Renata Vinter ishtirok etishi kutilmoqda.
Muhokama chog‘ida YUNISEF ko‘magida konferensiyaga xalqaro ekspertlarni, shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yetakchi milliy ekspertlarni faol jalb etishga qaror qilindi.
Mazkur konferensiya voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat qonunchiligini insonparvarlashtirish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar tizimini yaratishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.09.2024
- Ko'rishlar: 888
- Chop etish