O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 26-sentyabrda “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida, jumladan:
— kichik va o‘rta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish;
— katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan:
— bog‘chalar tomonidan Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida bolaning rivojlanish xaritasini yuritish amaliyoti joriy qilinadi;
— maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik haqida elektron sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-avgustgacha:
— maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan elektron resurslar, audiovizual mahsulotlar va o‘quv-metodik materiallar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida joylashtiriladi hamda ulardan erkin va bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi;
— Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida ota-onalar uchun shaxsiy kabinet yaratiladi va unda bolaning rivojlanish xaritasi ma’lumotlarining joylashtirilishi ta’minlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.10.2024
- Ko'rishlar: 745
- Chop etish