Joriy yilning 4-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 77-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ma’naviy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Milliy markaz ekspertlari, maktab-internat pedagoglari va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov, mazkur bo‘limning yetakchi mutaxassisi Malika Talipova, shuningdek, Inson huquqlari sohasida tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov o‘z ma’ruzalarida mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Yig‘ilganlarda, ayniqsa, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun sharhi katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu qonun mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zamira G‘afurova ham so‘zga chiqib, ushbu tadbirni tashkil etgani uchun Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 77-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati 1929-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda 190 nafardan ortiq pedagog va texnik xodimlardan iborat ahil jamoa o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘qituvchilarning 4 nafari “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2 nafari “Shuhrat” medali va 1 nafari “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Pedagoglarning 120 nafardan ziyodi oliy ma’lumotli, shundan 45 nafari ko‘rishda nuqsoni bor o‘qituvchilar ekani diqqatga sazovor. O‘qituvchi va tarbiyachilar tiflopedagogika hamda defektologiya bo‘yicha malakaga ega.
Hozirda maktab-internatda 350 nafardan ortiq o‘quvchilar ta’lim olmoqda. Ularga umumta’lim dasturidagi fanlardan tashqari, 7 turdagi korreksion mashg‘ulotlar ham o‘tiladi. Bu orqali o‘quvchilarda kuzatiladigan ikkilamchi nuqsonlarning oldi olinadi.
Shuningdek, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida Yashnobod tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi tomonidan tashkil etilgan fan, kasb-hunar, san’at va sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Maktab-internat o‘quvchilari ham nihoyatda iqtidorli, faol va mehnatsevar. Ular xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lib kelishmoqda. Jumladan, so‘nggi to‘rt yilda o‘quvchilarning 8 nafari respublika fan olimpiadalari g‘olibi, 5 nafari dzyudo hamda yengil atletika sporti bo‘yicha jahon va olimpiada chempioni bo‘lgani ushbu ta’lim maskanida ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Tadbir qiziqarli savol-javoblar, qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Maktab-internat o‘qituvchilari A. Qosimov, I. Abdurahmonov, shuningdek, 10-sinf o‘quvchisi A. Abdulboqiyev, 8-sinf o‘quvchilari A. Nasriddinov, M. Bekpo‘latov tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ekspertlarida katta taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida Milliy markaz tomonidan Brayl alifbosida chop etilgan kitob – O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonuni nashri maktab-internat kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 07.10.2024
- Ko'rishlar: 736
- Chop etish