7 oktyabr — Butunjahon munosib mehnat kuni
Mamlakatimizda fuqarolar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ishlash sharoitlarini yaxshilash va adolatli munosabatni ta’minlash masalalariga alohida yondashilmoqda. Bugun, 7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni (World Day for Decent Work) har yili dunyo bo‘ylab mehnat huquqlari va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida nishonlanadi.
Bu kun 2008 yildan boshlab, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — odamlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, adolatli va munosib mehnatni ta’minlashga e’tibor qaratishdir.
Ushbu kunda turli tadbirlar, seminarlar va aksiyalar o‘tkaziladi, odamlarga munosib mehnatning ahamiyati haqida ma’lumot berish, ishchilarning huquqlarini himoya qilish va global miqyosda ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun harakat qilishga chaqirish maqsad qilingan.
Sana munosabati bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan korxona va tashkilotlarda Xalqaro mehnat tashkilotining Munosib mehnat konsepsiyasida belgilangan quyidagi tamoyillar yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, ish o‘rinlarini yaratish va samarali bandlikni, xavfsiz mehnat sharoitlarini, ijtimoiy himoya va mehnat huquqlarini ta’minlash kabilar shular jumlasidandir.
Natijada mehnat munosabatlari ishtirokchilarining ijtimoiy muloqoti va hamkorligi kengayadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 07.10.2024
- Ko'rishlar: 715
- Chop etish