Akademik Sa’dulla Iskandarovning shu nomli kitobi haqida muxtasar mulohazalar
Siyosiy arboblar, ayniqsa, davlat rahbarlari faoliyati haqida yozish uchun muallif, avvalo, yuksak salohiyat, ilmiy zakovat, katta hayotiy tajriba, teran iqtisodiy-siyosiy tafakkur, shuningdek, keng mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Taniqli olim, uzoq yillik boshqaruv tajribasiga ega rahbar, faol jamoat arbobi, akademik Sa’dulla Iskandarovning “Yangi O‘zbekiston me’mori: Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy portretiga chizgilar” nomli kitobini mutolaa qilar ekanman, eng avvalo, davlatimiz rahbarining yuksak insoniy fazilatlari, ham ilmiy, ham rahbarlik faoliyatidagi katta salohiyatlari samimiyat va xolislik bilan yoritilganiga, bu borada muallif bemisl mahorat ko‘rsatganiga amin bo‘ldim.
Avvalambor, insonlarni sergaklantiruvchi, chuqur mulohazaga chorlovchi, qalbimizda bugungi kunga bo‘lgan shukronalik va rozilikni takror va takror oshiruvchi mazkur asar muallifi akademik Sa’dulla Iskandarovga minnatdorlik bildiraman. Sababi kitobdagi har bir mavzu juda topib, asoslab berilgan. Muallif davlat rahbarini yaqindan tanigan va har tomonlama o‘rgangan inson sifatida o‘z fikrlarini bayon etgan. O‘ylaymanki, asarni o‘qigan har bir kitobxonning qalbi hayajonga to‘ladi.
Kitob tuzilishiga ko‘ra, kirish, o‘n bir bob va xulosa qismlaridan iborat. Kitob boblari bir-biri bilan uzviy bog‘liq va mazmunan har bir bob o‘zidan keyingisini to‘ldirib boradi. Muallif ravon va tushunarli uslubda aniq hamda asosli mulohazalar bilan qalam tebratgan. Har bir bobda ishlatilgan donishmandlarning hikmatli fikrlari muallif ta’kidlamoqchi bo‘lgan fikrni yanada tushunarli qilgan.
Masalan, “Insonni qadrlaganni tarix ulug‘laydi” nomli yettinchi bob O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning hazrat Alisher Navoiy g‘azaliga bog‘langan muxammasidan olingan quyidagi bayt bilan boshlangan:
“Kotibu davru raqam avvalgilarga o‘xshamas,
Endi inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas”.
Ushbu baytni o‘qigan kitobxon ko‘z oldida, eng avvalo, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan, inson qadrini yuksaltirish, xalq manfaatlari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar va ularning natijalari gavdalanadi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasining tub maqsadi va negizida mujassam bo‘lgan g‘oya va intilishlar bugungi kunda mard va olijanob xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati bilan real voqelikka aylanib bormoqda. Kitobni mutolaa qilish jarayonida bu haqiqatni yanada chuqur his etamiz, shu bilan birga, mana shunday tarixiy o‘zgarishlar davrida bu ulug‘vor islohotlarning nafaqat guvohi, balki faol ishtirokchisi bo‘lib yashayotganimizdan, albatta, faxrlanamiz.
Darhaqiqat, bugungi kunda har bir inson davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipiga guvoh bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning bugungi yangi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqei, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu keng qamrovli, fundamental asarda chuqur tahlil va dalillar, aniq fikr-mulohazalar asosida teran yoritib berilgan.
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatining ma’no-mazmuniga aylangan, keyingi sakkiz yil davomida mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning markazida bo‘lib kelayotgan milliy mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash kabi ezgu tushunchalar mazkur kitobning bosh g‘oyasini tashkil etadi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardan boshlab “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”, degan olijanob g‘oya va maqsadlarni ilgari surib, O‘zbekistondagi katta-kichik barcha rahbarlardan o‘z faoliyatini aynan shu mezonlar asosida olib borishni talab etdi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda yuz bergan tub o‘zgarish va yangilanishlar, yurtdoshlarimiz hayotidagi ijobiy natijalar ana shunday xalqparvar siyosat samarasidir.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qat’iyati, metin irodasi, odil va xalqparvar siyosati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar samarasi davlatimizning Markaziy Osiyo mintaqasi lideriga aylanib borayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Hozirgi zamonning shiddatli va ziddiyatli taraqqiyot tamoyillarini murakkab va tahlikali davr nuqtayi nazaridan tushunish, bugungi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, kelajakka katta ishonch bilan qarab, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida ongli va bunyodkor fuqaro sifatida munosib ishtirok etishda, yangi vatanparvar avlodni tarbiyalashda ushbu asarning ahamiyati beqiyosdir.
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 09.10.2024
- Ko'rishlar: 713
- Chop etish