Parij shahridagi mamlakatimiz elchixonasida boʻlajak Oʻzbekiston parlamenti saylovlariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi. Fransiya parlamenti, ekspertlar, akademik doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan mazkur xalqaro tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
Davra suhbati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Muloqot jarayonida 2017-yildan buyon Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati fransiyalik hamkorlar eʼtiboriga havola qilindi. Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilariga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan “Uzbekistanʼs Political Reforms and Elections – 2024” risolasi taqdim etilib, xorijlik ekspertlar mamlakatimizda amalga oshirilgan soʻnggi islohotlar, ularning koʻlami hamda saylov jarayonlari bilan bogʻliq yangiliklar haqida batafsilroq maʼlumotga ega boʻlishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari oʻz chiqishlarida mamlakatimizda insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar, saylovoldi tashviqoti doirasida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida soʻzlab berishdi. Xususan, boʻlajak parlament saylovi Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi asosida va saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartishlarga muvofiq oʻtkazilayotgani taʼkidlandi.
Fransiya vakillari oʻz navbatida, Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, koʻp qirrali oʻzbek-fransuz hamkorligining turli jihatlariga toʻxtalib, mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy voqea yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar. Ular tomonidan soʻnggi yillarda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, ayollar huquqlari va gender tengligini taʼminlash borasida erishilayotgan natijalar alohida eʼtirof etildi.
Yakunda fransiyalik deputatlar parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga boʻlajak safarga katta ishtiyoq bilan hozirlik koʻrayotganliklarini taʼkidlab, mamlakatimiz saylov jarayonidagi yangiliklar bilan yana bir bor tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdilar.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 10.10.2024
- Ko'rishlar: 624
- Chop etish