Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent shahri va Xivada bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizga yetib keldi.
Ulardan biri Turkiyaning Istanbul shahridagi qo‘lyozmalarni o‘rganishga ixtisoslashgan «Dorul maxtutot» markazi bosh direktori, doktor Mahmud Misriy.
U O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib, qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, bunday zargarona ishga nechog‘li yuksak bilim va mas’uliyat bilan yondoshish kerakligi yuzasidan o‘z bilim va tajribalarini talabalar bilan o‘rtoqlashdi. Akademiyadagi “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir manbalar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya, yurtimizda kechayotgan ma’rifiy islohotlar jarayoniga oid o‘zining fikrlarini bildirdi.
– Yurtingizda 15-16 oktyabr kunlari “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyaga taklif etilganimdan bag‘oyat xursandman, – dedi Mahmud Misriy. – Shuningdek, mazkur konferensiya sababli dunyodagi bir qancha nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lish meni quvontiradi. Alloh taolodan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyani manfaatli va barcha uchun xayrli bo‘lishini so‘rab qolaman.
Afsuski, so‘nggi paytlarda dunyoda Islom dini haqida noto‘g‘ri tushunchalar avj oldi. Ular orasida eng hayratlanarlisi, Islom diniga “islom – terrorizm dini” deya ta’rif berilishidir. Vaholanki, terrorizm aslida boshqa jamiyatlar tomonidan o‘ylab topilgan harakatdir. Islom dinining zarracha bo‘lsada, terrorizmga aloqasi yo‘q.
Islom dini haqida so‘zlaganda uni “tinchlik dini”, “salomatlik dini” deya ta’riflashga aslo hojat yo‘q. Zero, tarixdan Islom diniga oid ilmiy meroslarni, xususan aqida, tafsir, hadis, fiqh kabi ilmlarda yozilgan asarlarni o‘rgangan kishi Islom dini to‘laqonli go‘zal va beqiyos ta’limot ekaniga guvohi bo‘ladi. Qolaversa, oldimizda turgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham so‘zimizni tasdiqlaydi.
Bunga qo‘shimcha tarzda hanafiylik fiqhi hamda moturidiylik ta’limotiga oid asarlar va olimlarning qarashlarini o‘rganish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom dini nuqtai nazaridan insoniy huquq va majburiyatlar, hurriyat, bag‘rikenglikka oid masalalarni o‘rgangan shaxs, Islom dini mazkur vositalarni ehtirom etish hamda ularni to‘g‘ri qo‘llash orqali adolat va bag‘rikenglikni mujassam etganiga guvohi bo‘ladi. Aslini olganda, bag‘rikenglik bu ojizlik emas, balki kuchli tomonning kuchsiz tomonni qo‘llab-quvvatlashidir. Bizda “diniy bag‘rikenglik” deganda, kishi o‘z diniga amal qilishda haq-huquqlaridan erkin foydalana olishiga nisbatan aytiladi.
O‘ylaymanki, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya yuqoridagi so‘zlarimizning yanada keng jabhada yoritilishi hamda insonlarga Islom dinining asl mohiyatini tushuntirishga xizmat qiladi.
Bugungi suhbatni tashkil qilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda uning huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu dargohda olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar, zamonaviy o‘quv binolari, ko‘p sonli professor-o‘qituvchi, ustozlarning faoliyati hamda tahsil olayotgan talabalar kelajakda yurtingiz ravnaqi va kelajagi uchun katta hissa qo‘shadi, degan umiddaman. Mazkur harakatlar ortidan kelajakda yurtingizdan yana buyuk olimlar yetishib chiqishiga ishonchim komil.
–O‘zbekistonda buyuk allomalarning boy ma’naviy, ilmiy merosi, bu merosni o‘rganish borasidagi ezgu ishlar haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk alloma va mutafakkirlarning fundamental tadqiqotlarini o‘rganish, ularning ilmiy merosini qayta tiklashga oid ko‘rsatmalarini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Shuni ta’kidlash joizki, mazkur muhim ishlarga davlat rahbari tomonidan tashabbus bildirilishi ushbu mamlakatdagi olimlar va ilmiy soha xodimlariga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zotan, ulamolar ilmiy merosini o‘rganish islom ummatining asliyatini o‘rganish demakdir.
Qiymati cheksiz bo‘lgan bir qancha qo‘lyozmalarni o‘rganib, ularni tadqiq etib, insonlarga islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri yetkazib, namoyon qilish shu yurtdagi barcha olimlar va tadqiqotchilarning muhim ishlaridan sanaladi. Bu ishni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlov hamda barcha shart-sharoitlarga ega oliy muassasa va ilmiy-tadqiqot markazlari barpo qilinishi ulkan natijaga erishishdagi eng muhim vositalardan biri hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.
- Qo'shildi: 14.10.2024
- Ko'rishlar: 690
- Chop etish