24-oktyabr – BMT tashkil topgan kun
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ta’bir joiz bo‘lsa, roppa-rosa 79 yoshga to‘ldi va sayyoramizning ushbu eng global tuzilmasi 2025-yilda 80-yilligini nishonlaydi. BMTga aynan 1945-yilda asos solingani bejiz emas. Binobarin, bu nufuzli xalqaro tashkilotning ta’sis etilishi Ikkinchi jahon urushi davrida sodir etilgan vahshiyliklarga munosib javobdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti – xalqaro hamjamiyatning jamoaviy sa’y-harakatlari samarasi bo‘lib, bunda insoniyat dahshatli urushning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan ishonchdan kelib chiqilgan. Shu ma’noda, BMT yer yuzida tinchlik va xavfsizlik, xotirjamlik va osoyishtalik, inson huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun xizmat qiladigan universal xalqaro tuzilma hisoblanadi.
BMTning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari 1945-yil 26-iyunda San-Fransiskoda 50 ta mamlakat tomonidan tasdiqlangan BMT Nizomida bayon etilgan maqsad va prinsiplar negizida belgilanadi. 1954-yil 24-oktyabrda kuchga kirgan ushbu hujjatda Tashkilot tuzilmasi va nizo hamda tajovuzlarga yechim topishning asosiy prinsiplari mustahkamlangan.
Bu muhim sana 1948-yildan buyon butun dunyoda BMT tashkil topgan kun sifatida keng nishonlanadi. Shunisi e’tiborga sazovorki, BMT Nizomi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan va global miqyosda qo‘llab-quvvatlangan ilk hujjatdir. Uning qoidalari oradan uch yil o‘tib, 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida o‘z aksini topgan.
BMT Nizomida Tashkilotning to‘rtta asosiy vazifasi, ya’ni:
- xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish;
- millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish;
- xalqaro muammolarni hal etish va inson huquqlarini hurmat qilishni rag‘batlantirish;
- xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish vazifalari belgilab qo‘yilgan.
BMT Nizomi asosida ilk bora Ikkinchi jahon urushi oqibatida achinarli ahvolga kelib qolgan Yevropa hududida yashovchi xalqlarga gumanitar yordam ko‘rsatilib, ko‘hna qit’ani qayta qurishga katta hissa qo‘shilgan. Keyingi davrda falokat va tabiiy ofatlar oqibatida aziyat chekadigan aholiga gumanitar yordamni yetkazib berish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga alohida mamlakatning o‘zi ojizlik qilgan hollarda bunday ishlar BMTga topshirilishi an’anaga aylandi.
BMT tarkibida 6 ta bosh organ mavjud bo‘lib, beshtasi – Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi markaziy qarorgohda, Xalqaro sud esa Gaaga shahrida faoliyat yuritadi.
BMT butunjahon hukumati emas, ya’ni qonunlar qabul qilmaydi. Biroq, xalqaro mojarolarni bartaraf etish va yer yuzi aholisi uchun daxldor masalalarni hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam bera oladigan mablag‘ga ega. BMTga katta-kichik, boy-kambag‘al, turli siyosiy qarash va tuzumga ega davlatlar a’zo bo‘lib, ularning barchasi ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. BMT o‘z a’zolarining suveren tengligiga asoslanadi. BMT davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Uning Nizomida qayd etilgan barcha majburiyatlarni zimmasiga oladigan davlatlar BMTga a’zo bo‘la oladi. Yangi a’zolar BMT Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq, BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan qabul qilinadi. BMT a’zolari xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishlari lozim.
O‘zbekiston 1992-yil 2-martda BMTga a’zo bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran BMT bosh qarorgohida davlatimiz bayrog‘i hilpiray boshladi. 1993-yil 24-oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. O‘z navbatida, O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonamiz Vena shahridagi (Avstriya) BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan asosiy xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi, Gender tenglik hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi, Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kabi ixtisoslashgan muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib keladi. Shu bilan birga, o‘z ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida BMT faoliyatiga daxldor muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda.
O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyalarida faol ishtirok etgani va o‘zbek tilida nutq so‘zlagani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Mamlakatimiz BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan inson manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish masalalarida faol hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida 11 ta rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi, 2024-yilning o‘zida 4 ta shunday rezolyutsiya tasdiqlandi.
O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu yil, ya’ni 2024-yilda O‘zbekiston ilk bor bir yo‘la uchta nufuzli xalqaro organ – EKOSOS, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi va XMT Ma’muriy byurosi a’zoligiga saylandi.
Yana bir e’tiborli dalil: 2024 yil 13-14 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi» yakunida qabul qilingan Deklaratsiya BMTning 78-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e’lon qilindi. Hujjat BMTning oltita rasmiy tilida nashr etildi va tashkilot a’zo davlatlari, uning tuzilmalari o‘rtasida keng tarqatildi.
Shuningdek, mazkur material BMTning rasmiy hujjatlar tizimida Bosh assambleya Kun tartibining 71(b)-bandi bo‘yicha A/78/999 raqami ostida joylashtirildi. Ayni hujjat «Inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish: inson huquqlari masalalari, shu jumladan, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashishning muqobil yondashuvlari» deb nomlangan.
Qolaversa, o‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, majburiy mehnatni bartaraf etish kabi umuminsoniy qadriyatlarga xizmat qiluvchi masalalarda ulkan natijalarga erishildi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar BMT tamoyillariga uyg‘un va yondosh xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikda olib borilmoqda.
Bunga birgina misol: 2023-yili poytaxtimizda «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Forumning dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb e’lon qilingan tarixiy sana arafasida o‘tkazilganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Ya’ni, Toshkent xalqaro forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75-yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi”da ayni mavzuda xalqaro forum o‘tkazish ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlash lozim. Bu – davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda BMT minbaridan yoshlar masalasi bo‘yicha ilgari surgan 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslardan biridir.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiq ekanligi bilan diqqatga loyiq.
Bu haqda so‘z borganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli yangi kitobida XX asrning ikkinchi yarmida “sovuq urush”ni boshidan kechirgan insoniyat ayni kezda global iqlim o‘zgarishi, ekologik inqirozlar va boshqa ko‘plab ijtimoiy-siyosiy muammolarning jabrini tortishga majbur bo‘layotgani haqidagi asosli fikrlariga e’tibor qaratish o‘rinlidir. Chunki, xuddi shuning uchun ham, I asrda umumiy taraqqiyot yo‘lini aniqlab olish, barcha xalqlarning manfaatlariga birday xizmat qiladigan maqsadlarni belgilash va unga intilishga kuchli ehtiyoj paydo bo‘lgani bor gap.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti, dunyo mamlakatlari, ularning parlamentlari va fuqarolik jamiyati institutlari, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi uzoq davom etgan “global maslahatlashuvlar” natijasida barqaror rivojlanish yo‘li – bashariyat uchun yagona to‘g‘ri yo‘l, degan umumiy xulosaga kelinib, uning ustuvor mezonlari belgilab olindi”.
Bugungi murakkab davrda – qurolli nizolar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada kengayib, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid tobora kuchayib borayotgan qaltis sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli hamda mas’uliyati yanada ortmoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “1945-yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.
Muxtasar aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, ushbu Konstitutsiyani qabul qilganligi alohida e’tirof etilgani bejiz emas.
O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligi izchil davom etadi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan.
Global ko‘lamda tinchlik va barqarorlikka tahdidlar yanada keskinlashgan hozirgi tahlikali davrda mamlakatimiz BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston tomonidan BMT bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” izchil amalga oshirilmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 24.10.2024
- Ko'rishlar: 706
- Chop etish