31-oktyabr kuni Toshkent shahrida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda 2023-2024-yillarda YEXHT loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida tashkil etildi.
Tadbirda asosiy e’tibor yopiq turdagi muassasalar boshqaruvida gender tenglikni ta’minlash, xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlardan foydalanish orqali inson huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi. Shuningdek, Norvegiya va O‘zbekiston o‘rtasida yopiq muassasalar boshqaruvi istiqbollarini muhokama qilish va sohadagi mavjud muammolar yuzasidan muloqotni mustahkamlash alohida diqqat markazida turdi.
Davra suhbatida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamda jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Zilke Klyover va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Burxonxo‘ja Akromov so‘zga chiqdi.
Xususan, A.Saidov so‘nggi vaqtlarda mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kengaytirish orqali ularni sodir etgan jinoyatdan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi va jamiyatning munosib vakili sifatida shakllantirishga erishilayotganini ta’kidladi. Mahkumlarga saylash, pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urta olish, kasb egallash, ta’lim olish va sifatli tibbiy yordamdan foydalanish kabi huquqlar berilganiga e’tibor qaratdi.
Mahkumlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga oid so‘nggi islohotlar haqida so‘z borganda, zamon talablariga javob bermaydigan 4 ta koloniya, jumladan, aholi orasida salbiy nom topgan “Toshturma” va “Jasliq” koloniyalarining tugatilganini qayd etish lozim. Shu bilan birga, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanilgan shaxslarni sog‘lom ijtimoiy hayotga yo‘naltirish maqsadida 2019-yil 1-yanvardan boshlab probatsiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar soni har 100 ming aholiga hisoblaganda 68 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar orasida eng past darajada bo‘lib, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasidir.
O‘z navbatida, Z.Klyover O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi va gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. U mahkumlarning huquqlari va insonparvar munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni ham mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, u ayni yo‘nalishdagi islohotlar YEXHT tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanishi va sohaga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
B.Akromov mahkumlarni ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish va ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy choralar haqida ma’lumot berib, tergov hibsxonalari va yopiq turdagi koloniyalarda advokatlar uchun alohida 69 ta xona tashkil etilganini bildirdi. Ombudsman va Biznes-ombudsman bunday muassasalarga hech qanday to‘siqsiz kirish imkoniyatiga ega bo‘lgani qayd etildi.
Tadbir davomida sohadagi xorijiy tajriba ham muhokama qilindi. Bredtveyt qamoqxonasi va tergov hibsxonasining boshlig‘i Doris Bakken ayollar qamoqxonalarini boshqarish bo‘yicha Norvegiya tajribasini taqdim etdi.
D.Bakken ayollar uchun genderga sezgir xizmatlar, tayyorgarlik dasturlari va sog‘liqni saqlash xizmatlari kabi elementlar qanday qilib ayollarni qamoqdan so‘ng ijtimoiy hayotga muvaffaqiyatli qaytarishga yordam berishini tushuntirdi. Norvegiyadagi ayollar qamoqxonasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, o‘qitish va maslahat berish jarayonlarining ahamiyati va samaradorligi haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Bundan tashqari davra suhbatida jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i Gulrux Karimova O‘zbekistondagi ayollar qamoqxonalarini boshqarish siyosati, amaliyoti va muammolariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. U ayollar qamoqxonalarida yaratilgan ta’lim olish, kasb egallash va psixologik yordam olish imkoniyatlari hamda reabilitatsiya dasturlari haqida so‘zlab, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ham batafsil to‘xtaldi.
Muhokamalarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, Xalqaro jazoni ijro etish jamg‘armasi vakili, qamoqxonalarni isloh qilish va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi Azamat Shambilov kabi ekspertlar qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 01.11.2024
- Ko'rishlar: 917
- Chop etish