31-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir ushbu universitetning Davlat huquqiy fanlar va inson huquqlari kafedrasi tomonidan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi” ijrosi doirasida tashkil etildi.
Mamlakatimizda bugungi yangi islohotlar bosqichida bola huquqlarini himoya qilish, uning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash eng ustuvor, ya’ni davlat siyosati darajasidagi masalaga aylandi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqi oliy qadriyat sifatida o‘rnatilganligini amalda taminlash bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tadbir ochilishida Jamoat xavfsizligi universiteti rektori Mirzayusup Rustambayevning kirish so‘zini Universitetning Davlat huquqiy fanlari va inson huquqlari kafedrasi mudiri Asliddin Nuridulloyev o‘qib eshittirdi. Davra suhbatida:
- Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyatining sektor mudiri Sattor Rahmatov – “O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi”;
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov – “O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlariga oid xalqaro majburiyatlarining bajarilishi masalalari”;
- Jamoat xavfsizligi universiteti katta o‘qituvchisi Sherali Yuldashev – “Bola savdosi – jamoat xavfsizligiga tahdid”;
- Toshkent davlat yuridik universiteti professsori Gavherjan Yuldasheva – “O‘zbekiston Respublikasida bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning amalga oshirilishi”;
- Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori Mansur Bayeshanov – “Inson huquqlari sohasida jinoyatlarni oldini olish va voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish” mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Muloqot davomida «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritilganligi e’tirof etildi. Shuningdek, milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilganligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.11.2024
- Ko'rishlar: 979
- Chop etish