2004 yildan beri Pekin universiteti, Pekin meriyasi va Chey ilg‘or tadqiqotlar instituti tomonidan Pekin forumi o‘tkazib kelinadi. Unda insoniyatning umumiy farovonligi yo‘lida sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni asrab-avaylash masalalari muhokama qilinadi.
1-3 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi poytaxtida navbatdagi – 21-Pekin forumi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi an’anaviy xalqaro anjuman “Sivilizatsiyalar uyg‘unligi va barcha uchun farovonlik: innovatsiyalar va inson taraqqiyoti davri” mavzusiga bag‘ishlandi, deyiladi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ma’lumotida.
Ochilish marosimida Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jeng Jianbang, Italiya sobiq Bosh vaziri Romano Prodi, Pokistonning sobiq Bosh vaziri Shahid Hoqon Abbosiy, akademik Gong Kixuang, Nobel mukofoti sovrindori, Pekin universiteti prezidenti, professor Jerar Albert Muru so‘zga chiqdi.
Yalpi va 13 ta sho‘ba yig‘ilishlarida barqaror rivojlanish va atrof-muhit gigiyenasi, Xitoyning global iqtisodiy transformatsiyasi va innovatsion rivojlanishi, sun’iy intellekt davrida raqamlashtirish, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bilan hamkorligi, barqaror energetika tizimlarini qurish, Global sivilizatsiya tashabbusi istiqbollari, jahon sog‘liqni saqlash tizimi va innovatsiyalar davrida gender tenglik kabi masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, o‘tgan 20 yil davomida Pekin forumlarida 80 dan ortiq davlatdan 7 mingdan ziyod taniqli arbob va olimlar ishtirok etgan.
Bu galgi Pekin forumida dunyoning 30 mamlakatidan 500 dan ortiq olim va ekspert, siyosiy doiralar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Forum ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev ham qatnashdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA
- Qo'shildi: 04.11.2024
- Ko'rishlar: 547
- Chop etish