Bu yil mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanadi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan tasdiqlangan dastur doirasida bu borada tizimli tashkiliy-amaliy, ma’naviy-madaniy, ma’rifiy-huquqiy tadbirlar boshlab yuborildi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan shu haqda suhbatlashdik.
– O‘zbekiston Prezidentining “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam, – deydi A.Saidov. – Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.
Yangi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot haqida fikr yuritganda, dastavval, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasini alohida ta’kidlash lozim.
Birinchisi – 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari yanada takomillashtirildi. Ikkinchisi – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida izchil konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi. Uchinchisi – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini hayotga tatbiq etishda yangilangan Asosiy qonunimizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar belgilandi.
– Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori va bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi kim?
– Ma’lumki, 2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif ilgari surildi. Bu – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish bilan bog‘liq edi.
O‘z navbatida, 2021 yil 6 noyabrdagi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida konstitutsiyaviy islohotning nazariy asosi sifatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini belgilab berdi. Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ham konstitutsiyaviy islohotga alohida bir fasl bag‘ishlangan.
E’tibor bering: Davlatimiz rahbarining 2022 yilda nashrdan chiqqan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidagi alohida bir fasl aynan “Konstitutsiyaviy islohotlar – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ob’ektiv zarurat”, deb nomlangan. Unda saylovoldi uchrashuvlari paytida xalq bilan muloqot jarayonida o‘rtaga tashlangan muhim taklif va tashabbuslar, bugungi taraqqiyotimiz va istiqbol rejalariga oid xulosalar o‘z aksini topgan.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.
Zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etayotgan bugungi shiddatli davr mezonlariga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish – milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ishdir. Dunyo mamlakatlarining rivojlanish amaliyoti ham konstitutsiyaviy qonunchilik izchil va muttasil takomillashib borishi zarurligini ko‘rsatadi.
– O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha ilgari surgan takliflari va tashabbuslari nechog‘lik ro‘yobga chiqdi?
– Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022 yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tafsilotlariga muxtasar to‘xtalish lozim.
Uchrashuvda inson qadrini konstitutsiyaviy mustahkamlashning to‘qqizta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha Konstitutsiyaga kiritiladigan aniq takliflar jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Shu muhim taklif va tashabbuslarning barchasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z aksini topdi.
Xususan, O‘zbekiston Prezidenti inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim, degan tashabbus bilan chiqdi. Natijada endilikda inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasiga aylandi.
Asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya mustahkamlandi. Binobarin, ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir.
“O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oya Konstitutsiyamizda qat’iy mustahkamlab qo‘yildi. Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi va buyuk kashfiyotidir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Mahallalar va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi.
Konstitutsiyada “O‘zbekiston – dunyoviy davlat”, deb belgilandi. Dunyoviy davlat – davlat boshqaruvi Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan davlat, deganidir.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi qanday kechdi?
– Bunda, birinchi navbatda, siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi atroflicha muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega bo‘lganini qayd etish o‘rinli. Ayni jarayonda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa yoshlar befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashdi.
O‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqotda respondentlarning 88 foizi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qanday takliflar bildirilganidan xabardor ekanini ko‘rsatdi.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Komissiya faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama o‘rganildi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha muhokamalarida fuqarolarning faolligi kuchaygani, takliflar soni tobora oshgani tufayli umumxalq muhokamasi muddati bir necha bor uzaytirildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha uchta xalqaro jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Bulardan biri – Konstitutsiyalarda xotin-qizlar huquqi to‘g‘risidagi qoidalarning aks etishi; yana biri – Konstitutsiyalarda bola huquqlarining kafolatlanishi va keyingisi – Konstitutsiyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining mustahkamlanishi bilan bog‘liq mavzularga bag‘ishlandi.
Xalqaro jamoatchilik eshituvlarida O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning fundamental huquqlarini samarali muhofaza qilishga imkon berishi taъкидланди. Konstitutsiyaviy islohot davomida bu boradagi ibratli xorijiy va xalqaro tajribalarni o‘rganish muhimligiga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida loyihaga berilgan takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish ishlari davom ettirildi. Mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 193 davlat tajribasi o‘rganildi.
Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash bo‘yicha jami 222 ming 715 ta taklif olindi. Umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan nafaqat fuqarolarning yakka tartibdagi, balki ko‘plab jamoaviy takliflari ham Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushdi.
Bularning hammasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi 7 turdagi nazariy va amaliy, ilmiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Ayniqsa, ilmiy muassasa va ta’lim tashkilotlari yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yuzasidan takliflar kiritish borasida alohida peshqadamlik ko‘rsatdi. O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayonida BMT va uning tegishli tuzilmalari, ayniqsa, faol hamkorlik qildi.
Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini e’tirof etdi. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot yuqori baholanib, bu borada O‘zbekistonning tutgan yo‘li to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.
– O‘tgan davrda yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosi bo‘yicha qanday amaliy ishlar qilindi?
– Keyingi 16 oy davomida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi doirasida mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish borasida izchil hamda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunki, Konstitutsiya va qonun ustunligi barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni hisoblanadi.
Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli navbatdagi kitobini alohida ta’kidlash lozim.
Davlatimiz rahbari ushbu salmoqli siyosiy asarida xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qator asosiy chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalgan.
Xalqimizning xohish-irodasiga binoan yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish zarur. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz”.
O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan.
Shu o‘rinda 2023 yil 8 may kuni Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Unda belgilanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.
Farmon asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ushbu farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
– Konstitutsiyaviy normalar jamiyatimiz va davlatimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatimizda yashaydigan har qaysi inson hayotida amal qilayotganini ko‘rsatib beradigan yorqin bir misol keltirish mumkinmi?
– Mamlakatimizda keyingi davrda bo‘lib o‘tgan ikkita saylovni olib ko‘raylik. Avvalambor, 2023 yil bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor baralla namoyon etdi.
Bunda, Prezident sayloviga qadar, ya’ni 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida orttirilgan tajribalar va xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish asnosida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga saylovlarga oid muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganiga e’tibor qaratish zarur.
Jumladan, yangi qonun asosida Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Sodda qilib aytganda, mamlakatimizda saylovlarning muddati dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirildi.
Yanada muhimi, Konstitutsiya normalariga ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirokiga taalluqli aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yaqinda, 2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bu borada navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning zamonaviy konstitutsiyaviy normalari va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida milliy saylov qonunchiligi tubdan takomillashtirilgani ushbu saylov jarayonlarining yanada ochiq va oshkora o‘tishini ta’minladi.
Eng asosiysi, davlatimiz tarixida birinchi marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tgan parlament saylovida yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida katta vakolatlarga ega bo‘lgan Oliy Majlis tarkibi saylandi.
Har ikki saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilik amal qilayotganining yorqin namunasi bo‘ldi. Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar fuqarolarning saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda, davlat organlarini milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga to‘la mos ravishda demokratik tarzda shakllantirishda hamyurtlarimizning yanada faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xulosa qilib aytganda, har qanday qonun, avvalo, uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik hamda amaliylik kasb etadi. Konstitutsiya kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash bilan bog‘liq xayrli an’ana Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2024 yil 17 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan joylarda qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy tadbirlar tashkil etilayotgani o‘z samarasini bermay qolmaydi. Jumladan, «Konstitutsiya oyligi» doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda o‘tkaziladigan Konstitutsiya darslari katta ahamiyat kasb etishi tayin.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 05.11.2024
- Ko'rishlar: 1276
- Chop etish