14-noyabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida akademik Bo‘riboy Ahmedovning 100-yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi Farmoyishi bilan tasdiqlangan Adabiyot, madaniyat va san’at, ilm-fan sohalari atoqli namoyandalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash hamda faoliyatini keng targ‘ib etish dasturi doirasida tashkil etildi. Unda taniqli tarixchi olimning hamkasblari, shogirdlari va oila a’zolari qatnashdi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Xotira kechasida akademik Bo‘riboy Ahmedov mashhur tarixchi olim, atoqli o‘zbek sharqshunosi, manbashunos, X-XIX asrlarga oid fors manbalari bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lganligi ta’kidlandi. Olim 1961-yilda “Abulxayrxon davrida ko‘chmanchi o‘zbeklarning ahvoli” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1974-yilda “XVI-XVIII asrning birinchi yarmida Balx xonliklari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Bo‘riboy Ahmedov 1960-yildan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, bo‘lim mudiri, bosh ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Sharqshunoslik”, “O‘rta Osiyo feodal xonliklarining davlat tuzilishi” mavzularida ma’ruzalar o‘qigan.
Olim sharqshunoslik va tarix fanlarining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan bo‘lib, 300 dan ortiq monografik asar, darslik va risolalar, lug‘at va qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Uning ko‘plab asarlari ingliz, fransuz, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Akademik B.Ahmedov 1996-yili “Amir Temur” tarixiy romanini yozgan va nashr ettirgan. O‘z navbatida, 1996 yili mamlakatimiz va dunyo miqyosida keng nishonlangan ulug‘ Sohibqiron Amir Temur hazratlarining 660-yilligi munosabati bilan katta tashkiliy va ilmiy ishlarga munosib hissa qo‘shgan.
Atoqli tarixchi umrining so‘nggi yillarida Amir Temir xalqaro jamg‘armasiga rahbarlik qilgan. Olim 1989-yili Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 1997-yili Amir Temur ordeni va 1999-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.11.2024
- Ko'rishlar: 469
- Chop etish