“Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu da’vatidan kelib chiqib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan “Kasaba uyushmalari – madaniyat targ‘ibotchisi” shiori ostida turli ma’naviy-madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
15-noyabrda Milliy markaz xodimlarining O‘zbek Milliy akademik drama teatriga uyushtirilgan jamoaviy tashrifi shunday muhim tadbirlar sirasiga kiradi. Shu kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 110-yillik mavsumiga bag‘ishlab, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Ma’suma” romani motivlari asosida Asqar Xolmo‘minov hamda Shahboz Fayzullayev inssenirovkasi bo‘yicha sahnalashtirilgan “Birinchi qaldirg‘och“ (“Ma’suma”) dramasining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Yurtdoshlarimizning madaniy saviyasini oshirish va o‘zbek teatr san’atini xalqaro maydonga olib chiqishda O‘zbek Milliy akademik drama teatrining o‘rni beqiyos. Teatr ijodkorlari tomonidan keyingi yillarda sahnalashtirilgan “Jaloliddin Manguberdi”, “Adolat fasli”, “Yulduzli tunlar”, “Usmon Nosir”, “Cho‘lpon”, “Sadoqat bilan...”, “Urush odamlari” kabi yuksak saviyadagi spektakllar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Xususan, “Birinchi qaldirg‘och“ spektakli haqida so‘z borganda, birinchi navbatda, ushbu sahna asari o‘zbek teatrining birinchi aktrisasi Ma’suma Qoriyevaning yorqin xotirasiga bag‘ishlanligini ta’kidlash o‘rinlidir. Asarda aktrisaning hayoti, faoliyati, ayanchli taqdiri mahorat bilan tasvirlangan.
O‘zA ma’lumotlariga qaraganda, Abdulhamid Cho‘lpon “O‘zbek teatri malikasi“ deb ta’rif bergan Ma’suma Qoriyeva birinchi o‘zbek aktrisasi bo‘lgan. Afsuski, uning hayoti uqubatlarga to‘la bo‘lgan. Uzoq yillik darbadarliklardan so‘ng o‘zbek teatrining tamal toshini qo‘ygan rejissyor Mannon Uyg‘ur Ma’suma Qoriyevani teatrga jalb qiladi.
Ma’suma qalbi pok, sahnada ruhi ko‘klarga qushday parvoz qiluvchi aktrisa edi. Qatag‘onga uchragan yuzlab ma’rifatparvarlar, minglab oilalarning kuni Ma’suma kelin bo‘lib tushgan xonadonni ham chetlab o‘tmaydi.
Ma’suma Qoriyevaning qaynotasi Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li, Turkistonning atoqli olimi va din arboblaridan bo‘lib, “Sho‘royi islomiya“ va “Mahkamai islomiya“ jamiyatlari raisi, bosqinchilar Ufaga olib ketgan muqaddas osori atiqa – Usmon Qur’onini yurtimizga qaytarib olib kelishda jonbozlik ko‘rsatgan arbob, jadidchilik harakatining vakillaridan edi. Qorining to‘ng‘ich o‘g‘li Bosit Qoriyev – Madaniyat vazirligi san’at boshqarmasi boshlig‘i, o‘rtancha o‘g‘li Bois Qoriyev, ya’ni Oltoy – “yangilikchi“ shoir, Maorif vazirligining mas’ul xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Ammo mustabid tuzum qatag‘onlari tufayli shoir Oltoy hibsga olinib, o‘n yil surgun qilinadi. So‘ngra keksa Abduvohid qori va Bosit Qoriyev qamoqqa olinadi. Aktrisa esa “xalq dushmanlari“ning yaqini sifatida jamiyatdan chetlashtiriladi, iste’dodi xazon bo‘ladi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganida mamlakat hukumati qamoqxonadagi mahbuslarga umumiy afv e’lon qilib, kim ixtiyoriy ravishda frontga jo‘nab, jasorat ko‘rsatsa, ayblovlar olib tashlanishiga va’da beradi. Ma’suma Qoriyevaning farzandlari – tevarakdagilarning malomatlaridan va xo‘rlashlaridan tahqirlangan navnihol yigitchalar – Botir va Shavkat ixtiyoriy ravishda frontga jo‘nab ketadi.
Qaynotasi va eri 1938-yilda otib tashlangan Ma’suma Qoriyevaning ikki farzandi fashizmga qarshi kurashda halok bo‘ladi. Urush tugaydi, lekin Ma’suma ayaning farzandlaridan darak bo‘lmaydi. Mushtipar ona ularning izlarini izlab Moskvaga boradi. U yerda ikkala o‘g‘li ham janglarda halok bo‘lganini aniqlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, urushda ko‘rsatgan jasorati uchun Shavkat Qoriyev «Qizil bayroq» ordeni, Botir Qoriyev esa «Qizil yulduz» ordeni bilan taqdirlangan ekan... Ming afsuski, Ma’suma Qoriyeva u paytda bundan bexabar edi.
Onaizor farzandlari dog‘ini ko‘tarolmasdan, 1946-yili Moskvada vafot etadi. Uning jasadini samolyotda ham, poyezdda ham olib ketishga ruxsat berilmaydi. Nihoyat, marhumaning jasadi kuydirilib, kuli solingan kichik bir idish Toshkentga olib kelinadi, mustabid tuzum bir oilaning kulini shu taxlit “ko‘klarga sovurib“ yuborgan edi...
Fidoyi, matonatli san’atkor, ona, jasoratli ayol Ma’suma Qoriyeva – o‘zbek teatrining ilk qaldirg‘ochlaridan biri edi. Uning hayoti nainki birgina roman, balki ko‘plab sahna asarlari, filmlar, seriallar uchun ham mavzudir.
Ma’suma rolini taniqli aktrisa, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva ijro etgan. Spektaklda shuningdek, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Abduvohid qori, Mannon Uyg‘ur, Bositxon Qoriyev kabi taraqqiyparvar bobolarimiz siymolari ham mahorat bilan gavdalantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ma’suma Qoriyevaning fojiali taqdiri haqida to‘xtalib, alohida ta’kidlaganidek: “Mana shunday qayg‘uli voqealar bilan tanishganda, qahramon ajdodlarimizning o‘chmas xotirasi oldidagi qarzimiz va burchimizni yanada chuqur his etamiz. Bugungi tinch, erkin va yorug‘ kunlarning qadriga yetish kerakligini yana bir bor anglaymiz”.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 774
- Chop etish