18-19-noyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatidagi hududlarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibiga rioya qilish hamda aholining yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqi masalalari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan monitoring tashkil etildi.
Monitoringda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlaridan iborat Respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Ushbu tadbirdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-mayda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi”da belgilangan tegishli vazifalar ijrosini ta’minlashdir.
Monitoring tadbirlari doirasida Farg‘ona viloyatidagi hududlarda fuqarolarni majburiy ko‘chirishdan himoyalash va ularning munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash holati o‘rganildi.
Dastlab ishchi guruh tomonidan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ijrosi va fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiyalarga oid tegishli hujjatlar o‘rganib chiqildi. Bu ishlar Viloyat moliya boshqarmasida amalga oshirildi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh Farg‘ona shahrida fuqarolarning yetarli uy-joy bilan ta’minlanish holatini o‘rganish maqsadida yangi qurilgan “Eko shahar” aholi turarjoy majmuasida bo‘ldi. Majmuadagi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy soha obyektlari ko‘zdan kechirildi.
Ma’lumki, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tobora muhim va dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan “Eko shahar” fuqarolarning munosib uy-joyda yashash huquqini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Respublika ishchi guruhi fikricha, mazkur zamonaviy aholi turarjoy majmuasining qurilishi ekologik huquqlar talablariga to‘la mos keladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.11.2024
- Ko'rishlar: 772
- Chop etish